10:06 / 21.12.2016
26866

Hasanboy Do‘smatov "Yilning eng yaxshi bokschisi" sovrini bilan taqdirlandi

O‘zbekistonlik bokschi, XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining oltin medal sohibi Hasanboy Do‘smatov Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi (AIBA) tomonidan "Yilning eng yaxshi bokschisi" deb topildi.

Yilning eng yaxshi bokschisini aniqlash maqsadida AIBA tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada Hasanboy Do‘smatov eng ko‘p ovoz to‘plab, kubalik Robeysi Ramires va qozog‘istonlik Doniyor Yeleusinovni katta farq bilan ortda qoldirdi. 

Shveytsariyaning Lozanna shahrida Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi va AIBAning 70 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda Hasanboy Do‘smatovga 2016 yil yakunlariga ko‘ra "Yilning eng yaxshi bokschisi" sovrini topshirildi.

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik bokschilar 3 oltin, 2 kumush, 2 bronza medalni qo‘lga kiritgan edi. 

Hasanboy Do‘smatov vazni 49 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi bellashuvlarda O‘zbekiston sport delegatsiyasi hisobiga dastlabki oltin medalni keltirgan edi. Hasanboy Do‘smatov Olimpiadaning eng yaxshi bokschisi sifatida Vel Barker kubogi bilan ham taqdirlangan ilk o‘zbek bokschi bo‘ldi. 

Shuningdek, tadbirda AIBA ijroiya qo‘mitasi a'zosi, Osiyo boks konfederatsiyasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov AIBA WSB yo‘nalishi bo‘yicha yilning eng yaxshi jamoa mukofotini "Cuba Domadores"ga topshirdi.

Top