19:33 / 22.12.2016
12045

Amerikalik erkak hikoyasi: 56 yoshimda dasturlashni o‘rganmoqdaman

Foto: Medium

AQShda istiqomat qiluvchi 56 yoshli fuqaro Medium’da nima uchun shu yoshda dasturlashga o‘rganish va veb-mutaxassis bo‘lishga qaror qilganini hikoya qilib berdi. Yozuv platformada ommalashib ketdi. Muallif bu boradagi o‘z dunyoqarashi bilan o‘rtoqlashgan.

«Men 56 yoshdaman va dasturlashga o‘rganmoqdaman. Nimaga? Sababi menga bu yoqadi va qo‘limdan nimadir kelmoqda. Men bu oson demayapman – aksincha. Biroq bu normal holat. Menga algoritmlar dunyosiga kirish yoqadi. O‘zim yaratgan narsani sinovdan o‘tkazish ham ma'qul keladi. Bu safar nimadir amalga oshish yoki oshmasligi haqida o‘ylashni yaxshi ko‘raman. Dastur ishlaganda esa quvonish menga huzur bag‘ishlaydi», - deya yozgan maqola muallifi.

Muammo shundaki, menda hech qachon xobbi bo‘lmagan. Hech qachon menga pul to‘lashmagan narsa bilan shug‘ullanmaganman. Nimanidir ko‘ngil uchun uzoq vaqt davomida qilishni ham uddasidan chiqa olmayman. 

Muallifning so‘zlariga ko‘ra, unga bo‘sh vaqtida mashg‘ul bo‘lgan ishining iqtisodiy foyda olib kelishi muhim. «Ha mayli, dasturlash uchun yaxshi haq to‘lashadi. Muammo aslida nimada? 56 yoshda bu sohani o‘rganishdan avval o‘zimdagi “men” bilan kurash olib borishimga to‘g‘ri keldi».

 

Nima uchun shu yoshda veb-mutaxassis bo‘lishga qaror qildim?

«Aslida masala mening qancha muddat hayot kechirishim hamda dasturlash yordamida pul topishga ulgurishimda. Keling bir boshdan hammasini ko‘rib chiqsak», - deydi maqola muallifi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerikada o‘rtacha hayot davomiyligi 78,8 yilga teng. «Demak, menda yana 22,8 yil yashash uchun yaxshi imkoniyat bor. Siz 20 yoshda ekanligingizda, bu unchalik uzoq emas bo‘lib tuyulishi mumkin, biroq men 56 yoshdaman va bu aslida nima ekanini bilaman».

«Tasavvur qilaylik – men shilliq qurtman va menga FreeCodeCamp dasturlashning bir yillik kursini to‘rt yilda tugatish nasib etadi. Men 60 yoshda kichik veb-mutaxassis sifatida ish qidiraman. Bu jiddiy yosh, shuning uchun menda ehtimol yana ikki yil ish qidirishga ketadi. Balki menga ish bergan inson 70 yoshdan pensiyaga chiqishimni istab qolar».

Bu esa menda amaliyot uchun 8 yil borligidan dalolat. Nimadir qilish uchun yetarli vaqt. Bundan tashqari, men ko‘plab kompaniyalarda ishlaganman hamda qo‘shni uy hovlisidagi maysa har doim ham siznikidan yashilroq bo‘lmasligini juda yaxshi bilaman – aftidan, men o‘z ish beruvchim bilan uzoq muddatga qolaman. Qaysi bir 20 yoshli ishchi bitta loyihaga shuncha vaqt sarflaydi?

 

Kim menga ko‘proq pul to‘laydi?

«Ehtimol kichik veb-mutaxassis lavozimiga kirishgach, men hozirgiga qaraganda kamroq pul toparman. Biroq men hozir ham besh yil avvalgi vaqtdan kamroq mablag‘ topmoqdaman. Bu yerda qolishimga esa hech qanday kafolat yo‘q - shuning uchun men nima bo‘lgan taqdirda ham yangi ish qidiraman», - tushuntiradi maqola muallifi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi ish qidirganida portfolio va bir necha amalga oshirilgan loyihalarni taqdim etishi yaxshiroq bo‘ladi.

 

Aksariyat axborot texnologiya kompaniyalari talabalarni universitetlarning o‘zida yig‘ishadi?

«Bu muammo emas. Men yirik texnologiya kompaniyalarida ishlamoqchi emasman va Kremniy vodiysiga borish niyatim yo‘q», - deb yozadi muallif. Uning ta'kidlashicha, dunyoda 2020 yilga qadar veb-mutaxassislar uchun bir milliondan ortiq yangi ish o‘rinlari paydo bo‘ladi. Ularning barchasi ham - Google, Facebook, Microsoft va Amazon’da bo‘lmaydi. Ko‘plab ish o‘rinlari texnologiyalarga mo‘ljallanmagan kompaniyalarda ochiladi.

Von kompyuter bilan bog‘liq o‘zining ilk ishini kasalxonada olgan. Uning o‘zi dasturlash bilan shug‘ullanmagan, biroq axborot texnologiyalari bo‘limining aksariyat xodimlari yangi ishlanmalar bilan band bo‘lgan. «Bu 1982 yilda bo‘lgan voqea».

 

Qanday qilib ish topmoqchiman?

Von birinchi navbatda ko‘plab ish o‘rinlariga murojaat yuborish, bunda ko‘mak beruvchi menejyerlar bilan tanishish va ko‘proq suhbatlarga borishni rejalashtirmoqda. «Bu raqamlar bilan o‘yin, va men bunda o‘zimni sinab ko‘rmoqchiman», - deydi u.

Shuningdek, u 2000 yilgacha qilgan barcha ishlarini rezyumesidan olib tashlamoqchi. «Meni kimnidir buvasi kabi qabul qilishlarini xohlamayman. Men xuddi boshqalar kabi nomzodman. Dasturlashga qiziqaman hamda rivojlanishni istayman. O‘zim bilmagan narsani bilaman, deb ko‘rsatishni ham xohlamayman. Menga berishlari mumkin bo‘lgan savol va vazifalarga tayyorman».

Albatta, bir qancha intervyulardan yiqilishim tayin. Eng yaxshi xabar esa – ishlarning ko‘pligida. Men harakat qilaman.

 

Yosh jamoa bilan til topisha olamanmi?

«Bunda kimnidir eng yaxshi og‘aynisi bo‘la olish nazarda tutilgan bo‘lsa – yo‘q, til topisha olmayman. Ammo men boshqalardan o‘rganaman va o‘zimda nimadir yaxshi chiqmasa, bu haqda ochiq gapiraman. Menda so‘nggi 36 yilda til topisha olmagan jamoa bo‘lmagan», - deydi Von.

 

Vaqt bekorga o‘tayotganini qanday tushunish mumkin?

«Aslida masala, yangi mutaxassislik bo‘yicha yuqori haq to‘lanadigan ishni topa olishimda. Mening javobim: "Topa olmasam, nima bo‘ladi?". Menda dasturlashni yaxshi o‘rganib olish uchun vaqt yetarlicha. Men o‘z ilovamni yaratishim, internet-biznesni yo‘lga qo‘yishim, yangi xizmatlarni taklif etishim mumkin», - deydi maqola muallifi. «Men o‘z g‘oyalarimni amalga oshirish va yangi nimadir olib kirishga o‘rganaman. Aynan shuning uchun ham dasturlashga o‘qimoqdaman».

Top