18:38 / 22.12.2016
8867

BMT xalqaro hamjamiyatni O‘zbekistondagi Prezident saylovining yakunlari bilan tanishtirdi

Foto: jahonnews.uz

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida Bosh Assambleya 71-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlari haqidagi ma'lumot BMTning olti rasmiy tillarida tarqatildi. 

Hujjatda qayd etilganidek, mamlakatimiz fuqarolari o‘zlarining ovoz berishdagi ishtiroki bilan mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar yo‘lini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor bildirdi. Respublika Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalaridan kelib tushgan protokollarga asoslangan holda 2016-yil 4-dekabr kuni saylovchilar umumiy sonining 87,73 foizi ovoz berishda ishtirok etganini ma'lum qildi, deb xabar bermoqda “Jahon” Axborot agentligi. 

Rasmiy hujjatda saylash jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunlarga muvofiq ravishda fuqarolarning o‘z xohish-irodalarini erkin ifoda etishlari ta'minlangan va yashirin ovoz berish yo‘li bilan yalpi, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylash huquqi tamoyillariga rioya etilgan holda o‘tgani o‘z ifodasini topgan. 

“Dunyoning 46 davlati va beshta xalqaro tashkilot - Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorlik tashkilotidan 600 nafarga yaqin kuzatuvchining ishtirok etgani saylov kampaniyasi demokratiya va shaffoflik asosida o‘tganining tasdig‘i bo‘ldi. Bundan tashqari, siyosiy partiyalarning 37 mingdan ziyod kuzatuvchisi ham saylovlar monitoringida qatnashdi”, deya qayd etiladi mazkur hujjatda.
 

Top