22:27 / 22.12.2016
14313

Fransiyaning sobiq bosh vaziri unga belandi

Foto: Twitter .com/@libe

22 dekabrda noma'lum kimsa Fransiyada bo‘ladigan prezidentlik saylovlarida Sotsialistik partiyadan nomzodini qo‘yish huquqi uchun kurashayotgan, Fransiyaning sobiq bosh vaziri Manuel Valsning ustidan un sochib yubordi. Bu haqda BFMTV telekanali ma'lum qildi.  

Voqea Strasburgda yuz bergan. Vals bu yerga saylovoldi kampaniyasi doirasida kelgandi. Sobiq bosh vazirning tarafdorlari bilan uchrashuvi boshlanishi kerak bo‘lgan restoranga kiraverishda bir piyoda u tomon otilib, uni va atrofidagilarni unga belagan. 

"49.3! Esdan chiqarmaymiz, kechirmaymiz", deb aytgan hujum qilgan kimsa. Vals qo‘riqchilari uni ushlab, yaqin orada turgan politsiya mikroavtobusiga olib borishgan.

Fransiya konstitutsiyasining 49.3-moddasi bosh vazirga biror hujjatning qabul qilinishiga ishonchi komil bo‘lsa-yu, biroq parlamentning ko‘pchilik a'zolari uni qo‘llab-quvvatlashiga gumon bildirsa, bu hujjatni parlament bilan kelishmasdan o‘tkaza olishiga imkon beradi. Bu modda qo‘llangandan keyin deputatlar bir kun ichida hukumatga ishonchsizlik bildirish masalasini ko‘tarish huquqiga ega bo‘ladilar.

Bu moddaning qo‘llanishi nomashhur chora hisoblanadi, biroq Vals hukumati undan bir necha marta, jumladan 2016 yil boshida mehnat qonunchiligidagi islohotlarni qabul qilishda foydalangan.

Top