Jamiyat | 10:42 / 22.12.2016
21506
4 daqiqa o‘qiladi

Yilning eng “kuchli” 10 fotosurati: oltin Mao, maxluq va Nitstsadagi fojia

O‘tgan 12 oy butun dunyo bo‘ylab juda ham qiziq voqealarga boy bo‘ldi. Biz Olimpiya o‘yinlaridagi yangi sport g‘alabalari, Ukraina va Suriyadagi mojarolar, buyuk davlatlardan birining siyosati o‘zgarayotgani hamda Yevropa ittifoqidagi tushunarsiz holatlarga guvoh bo‘ldik. Quyida o‘tgan davr mobaynida ro‘y bergan eng qiziqarli hodisalardan olingan o‘nta fotosuratni taqdim etamiz. Ulardan 2016 yil haqida to‘laqonli tasavvurga ega bo‘lish mumkin.

Uzoq kutilgan Oskar

Leonardo Di Kaprio o‘zining ilk Oskar mukofotini qo‘lga kiritdi. Aktyorga u Gonsales Inyarrituning «Omon qolgan» dramasidagi rol uchun topshirildi.

Bayramdagi to‘y

Xitoy olimpiya terma jamoasi a'zosi Xe Tszy Riodagi mukofotlarni topshirish marosimidan so‘ng turmush qurish taklifini oldi. Qiz suzish ustasi Tsin Kayga ijobiy javob qaytargan.

Maxluq

AQSh prezidenti Barak Obama va birinchi xonim Mishel Obama bolalarning «Maxluqlar yashaydigan joy» kitobini o‘qishmoqda. Bu Oq uyda Pasxa bayrami munosabati bilan tashkil etilgan bolalarning har yilgi an'anaviy yig‘ilishida ro‘y berdi.

Oltin Mao

Mao Tszedunning 36 metrli haykali Xitoyning Tunsyuy viloyatilik amaldorlar buyrug‘iga ko‘ra paydo bo‘ldi. Biroq u bir necha kun o‘tib yo‘q bo‘lib qolgan.

Ikar

Amerikaning F-22 Raptor uchuvchisi fotosuratchi obektiviga tikilib turganga o‘xshaydi. Aslida esa u havoda yoqilg‘i quyish kabi murakkab amaliyotga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Nitstsadagi fojia

Terrorchi Bastiliyani egallash kunida 19 tonna keluvchi yuk mashinasini Nitstsa qirg‘og‘ida dam olayotgan kishilar ustiga haydab bordi. Buning oqibatida 86 kishi halok bo‘lib, yana 434 nafar inson jarohatlandi. Fojiadan so‘ng olingan fotosuratda Fransiya bayrog‘ini ko‘rish mumkin.

Davlat to‘ntarishiga urinish

Turkiyada joriy yilning iyul oyida harbiy to‘ntarishga urinish ro‘y berdi. Isyon bir kecha-kunduz davomida bostirildi. Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘z tarafdorlarini ko‘chalarga chiqib, ozodlik uchun kurashishga chaqirdi – aksariyat turklar bunga quloq tutishgan.

Tinch norozilik namoyishi

Leysha Evans tinch norozilik namoyishi vaqtida maxsus topshiriqli bo‘linma xodimlari tomonidan qo‘lga olingan: bir necha kun avval politsiyachilar qora tanli amerikalik Alton Sterlingni otib o‘ldirishgani oqibatida davlat miqyosidagi tartibsizliklar kelib chiqdi. 

G‘aroyib sprint

Useyn Bolt kanadalik yugurish ustasi Andre de Grammga ham, kameraga ham qarab tabassum qilishga ulgurdi. Bu holat Riodagi Olimpiya o‘yinlarida ro‘y bergan – yamaykalik sportchi u yerda yuz metr masofani 9,81 soniya ichida bosib o‘tdi hamda oltin medalni qo‘lga kiritdi.

O‘tgan yillar sharpasi

Rim papasi Frantsisk fashistlarning Osventsim lageri darvozasidan kirmoqda. Fotosuratchi yaxshi kadr olishga muvaffaq bo‘lgan: Arbeit Macht Frei yozuvi fonida pontifikning g‘ayg‘usi yanada samimiyroq ko‘rinadi.