Jahon | 19:15 / 23.12.2016
22963
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Stalin haqidagi savolga javob qaytarishni istamadi

Germaniyalik jurnalist Rossiya prezidenti Vladimir Putindan u bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot vaqtida 80 yoshida vafot etgan Iosif Stalinning nabirasi Yevgeniy Jugashvili haqida so‘radi.

Prezident bu savolga va Stalinning "oqlanishi" ehtimoli haqidagi savolga javob berishni istamagan.

Savol berib bo‘lingach Rossiya prezidenti jurnalistga nemis tilida murojaat qilgan: Is das alles? (Shumi bori?)».

Yevgeniy Jugashvili Stalinning o‘g‘li Yakov Stalinning o‘g‘li bo‘lgan. Uning otasi Ikkinchi jahon urushi vaqtida fashistlar qo‘liga asirga tushgach, ular bilan hamkorlik qilishdan bosh tortib o‘z joniga qasd qilgan. Tashqi ko‘rinishi Stalinnikiga o‘xshash bo‘lgan Yevgeniy hattoki "Yakov – Stalin o‘g‘li" filmida bobosi rolini ijro etgan.

Yevgeniy Jugashvilining kasbi muhandis bo‘lgan, sovet vaqtida bir nechta zavodlarda harbiy vakil bo‘lgan, sovet davridan keyin esa Rossiya va Gruziyada jamoatchilik va siyosiy faoliyat bilan shug‘ullangan.

Jugashvili o‘z bobosining nomini himoya qilish bo‘yicha sud jarayonlari o‘tkazish bilan tanilgan. U, jumladan, Katinda sovet jazolash otryadlari tomonidan polshalik harbiylarning otib tashlanishini shubha ostiga qo‘ygan. U Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevga murojaatida bu ayblovni "jirkanch bo‘hton" deb atagan. XX asrning 90-yillarida radikal kommunist Viktor Ampilov bilan Rossiya Davlat dumasiga nomzodini qo‘ymoqchi bo‘lgan.

Avvalroq Strasburg sudi Yevgeniy Jugashvilining Katinda polshalik harbiylarning otilishi bo‘yicha OAVdagi maqolalar yuzasidan Rossiyaga qarshi shikoyatini nomaqbul deb topgan.

Katindagi fojia Iosif Stalin buyrug‘i bilan amalga oshirilgani aytib kelinadi.

Mavzuga oid