O‘zbekiston | 12:10 / 23.12.2016
12832
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand, Buxoro, Urganch va Nukus shaharlarida Tashqi ishlar vazirligining konsullik bo‘limlari ochiladi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Samarqand, Buxoro, Urganch va Nukus shaharlarida konsullik bo‘limlarini ochadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016 yilning 21 dekabr kuni «Samarqand, Buxoro, Urganch va Nukus shaharlarida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining konsullik bo‘limlarini ochish hamda Termiz shahridagi Konsullik bo‘limining faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qilgan.

Mazkur qaror respublika hududlarida ijtimoiy-iqtisodiy, investitsion va gumanitar ustuvor loyihalarni amalga oshirishga ham xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.

Qarorga ko‘ra, xorijiy davlatlar fuqarolariga tezkor konsullik-huquqiy yordamini ko‘rsatish maqsadida konsullik bo‘limlari Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Termiz xalqaro aeroportlari binolariga joylashtiriladi.

O‘zbekiston rahbari konsulliklar zimmasiga yuklanadigan asosiy vazifalarni belgilab bergan. Konsullik bo‘limlari xorijga chiquvchi O‘zbekiston fuqarolari hamda mamlakatga keluvchi chet elliklarga zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, O‘zbekistonning iqtisodiy, investitsion va sayyohlik salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlarni yaratish uchun xizmat qiladi.

Qarorda konsullik bo‘limlarining asosiy vazifalari cifatida quyidagilar ko‘rsatilgan: 

- konsullik-huquqiy yordam masalasi bo‘yicha ko‘rsatilayotgan zamonaviy xizmatlar turlarini kengaytirish, joylarda chet el fuqarolari tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish va rasmiylashtirishda, jumladan, O‘zbekiston hududlariga ish va sayyohlik maqsadlarida tashrif buyuruvchi xorijiy davlatlar fuqarolariga vizalar berishda tezkorlikni oshirish;

- O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan, mamlakat hududlaridagi ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy, investitsion va gumanitar loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan chet el kompaniyalari va xalqaro tashkilotlar vakillariga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish, jumladan, vizalar muddatini uzaytirish, hujjatlarni legallashtirish va apostillashtirish, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi vakolatiga kiruvchi boshqa vazifalarga oid masalalar bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish;

 - manfaatdor vazirlik va mahkamalar bilan birgalikda xorijiy mamlakatlarga chiquvchi O‘zbekiston fuqarolarini odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha kompleks choralar doirasida tushuntirish ishlarini olib borish;

 - xorijiy mamlakatlarda pasportini yo‘qotgan mamlakat fuqarolarining O‘zbekistonga tezkor qaytishi masalasini hal etishda hisoblarni yuritish va ko‘maklashish;

 - O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha chet ellik sayyohlarni mamlakat hududlariga jalb qilish uchun yo‘naltirilgan choralarni amalga oshirishda sayyohlik kompaniyalariga ko‘maklashish.

Mavzuga oid