Jahon | 17:36 / 25.12.2016
35732
3 daqiqa o‘qiladi

«Ortga omon qaytishimizga hech qachon ishonchimiz komil emas». Tu-154 bortida Doktor Liza ham bor edi

«Adolatli yordam» jamg‘armasining ijrochi direktori, Doktor Liza taxallusi bilan mashhur bo‘lgan Yelizaveta Glinka Tu-154 aviahalokati oqibatida halok bo‘lgan. Bu haqda «Snob» nashri uning turmush o‘rtog‘i Gleb Glinkaga asoslangan holda xabar berdi.

«Ha, u samolyotda bo‘lgan», — deya javob qaytargan u shu boradagi savolga.

«Adolatli yordam» jamg‘armasi saytida Doktor Liza Rossiya Mudofaa vazirligining Tu-154 samolyotida Lataqiyadagi Tishrin universiteti shifoxonasiga gumanitar yuk olib ketayotgan bo‘lgan.

Avvaliga u samolyot Sochiga qo‘nganida aeroportda qolgani haqida xabarlar tarqatilgandi. Keyinroq bu ma'lumot tasdiqlanmadi.

Prezident qoshidagi Inson huquqlari bo‘yicha boshqarma saytida Yelizaveta Glinkaga nekrolog yozilgan. 

Doktor Liza o‘zining xayriya ishlari, yordam tashabbuslari bilan tanilgan edi. U 2010 yili Rossiyada yil blogeri deb tan olingan. 2015 yildan boshlab gumanitar missiyalar safida bir necha bor Suriyada bo‘lgan va suriyaliklarga dori-darmon tarqatish hamda tibbiy yordam ko‘rsatishda ishtirok etgan.

Ayni vaqtda shu yilning 8 dekabr kunida Vladimir Putin tomonidan huquq himoyasi sohasidagi yuksak xizmatlari uchun davlat mukofoti bilan taqdirlangan Doktor Lizaning nutqidan parcha tarqalmoqda.

«Hech qachon ortga omon qaytishimizga ishonchimiz komil bo‘lmaydi. Men nima deyayotganimni bilaman. Urush — bu Yerdagi jahannamdir», degandi Glinka xonim.

Rossiya Mudofaa vazirligining Tu-154 rusumli harbiy transport samolyoti Moskva vaqti bilan soat 05:27da radarlardan yo‘qoldi. Dastlab Moskvadan Suriyaga uchgan samolyot Sochida yoqilg‘i quyish uchun qo‘nib o‘tgan. Samolyot Sochi qirg‘oqlaridan bir necha kilometr ichkarida qulagan. Samolyot bortida jami 92 kishi bo‘lgan va ularning barchasi halok bo‘lgan. Yo‘lovchilarning aksariyati Aleksandrov nomidagi ashula va raqs ansambli a'zolari bo‘lgan. Bu ansambl Halabda konsert berib ortga qaytishi rejalashtirilgandi.

Ushbu hodisa bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan, tergov-surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Sochidan uchgan samolyot radarlardan yo‘qoldi

Mavzuga oid