09:58 / 25.12.2016
5018

Turkiya Mudofaa vaziri: 1,5 yil ichida KIPning 9500 nafar jangarisi yo‘q qilindi

Turkiya xavfsizlik kuchlari 1,5 yil davomida Kurdiston Ishchilar partiyasining (Partiya Karkerên Kurdistan) 9 500 nafar vakilini yo‘q qilgan. Bu haqda Turkiya Fikri Ishiq ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aksilterror operatsiyalar 2015 yilning 24 iyulida boshlangandi.

Ishiqning ta'kidlashicha, Turkiya Qurolli kuchlari KIPdan tashqari, bu partiyaning Suriyadagi bo‘linmalari PYD va YPG, shuningdek, IShID hamda DHKP-C guruhlariga qarshi kurash olib bordi. U ayniqsa keyingi bir necha oyda KIP o‘z tarixidagi eng yirik yo‘qotishlarga uchraganini aytgan.

«Terrorchilar zaiflashdi va endi shaharlarni egallab olish uchun harbiy harakatlar olib bora olishmaydi. Shuning uchun ular yakka holda teraktlar sodir etish bilan mashg‘ul», - degan turkiyalik vazir. U KIP yaqin orada butunlay harakatsiz holatga tushishi va terrorchilik faoliyatini davom ettira olmasligiga ishonch bildirgan.

Shuning bilan birgalikda Ishiq Fathulloh Gulenning FETÖ nomli tashkilotiga e'tiborni qaratgan.

«Davlat tuzilmalarini Gulen tarafdorlaridan tozalash uchun barcha chorani ko‘ramiz», - degan vazir.

AQSh va Yevropa Ittifoqi KIPni terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kiritgan.

2015 yilning yozida KIP tomonidan Turkiya sharqidagi shaharlardan birida yirik terakt sodir etilishi ortidan Turkiya hukumati va bu partiya o‘rtasida harbiy nizolar qayta tiklandi.

O‘tgan vaqt ichida Turkiya tinch aholisi vakillaridan 500 kishi hamda xavfsizlik xizmati xodimlari bo‘lgan 800 kishi to‘qnashuvlar qurboni bo‘lgan. Turkiya xavfsizlik xizmati olib borgan amaliyotlarga ko‘ra shu vaqtgacha KIPning 8 mingdan ortiq vakili o‘ldirilgani yoki hibs qilingani aytilar edi.

Top