22:45 / 26.12.2016
6463

Mo‘sulni ozod qilish operatsiyasi boshlangandan keyin uni qancha odam tark etgani ma'lum qilindi

Iroqning Mo‘sul shahrini IShID jangarilaridan ozod qilish operatsiyasi boshlangandan keyin uni 132 ming kishi tark etdi, deb ma'lum qildi Iroqning migratsiya ishlari bo‘yicha vaziri Jasim al-Jaf. Operatsiya 17 oktabrda boshlangandi.  

Vazirning aytishicha, agar Mo‘sulda qaqshatqich janglar boshlansa, bu raqam 350 ming kishigacha oshishi mumkin.

"Tinch aholi operatsiya boshlangandan keyin shahardan ketmoqda. Asosan bular Mo‘sulning sharqiy tumanlari aholisi", deb aytdi vazir. 

Uning aytishicha, mo‘sullik qochqinlar xavfsiz hududlarda joylashtirilganlar, Iroq hukumati, Kurd mintaqaviy ma'muriyati va BMT qochqinlar lagerlariga logistik ko‘mak ko‘rsatmoqda.

"Operatsiya boshlanguncha biz uni 500 ming kishi tark etishini taxmin qilgandik. Biroq, bu albatta taxmin edi. Raqamlar janglarning borishiga bog‘liq holda o‘zgarishi mumkin. IShID hali ham shaharning katta qismini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, jangarilar Tall-Afar, Al-Ba'j shaharlari va Al-Xazar tumanini nazorat qilmoqda. Bu shaharlar ozod qilinadigan bo‘lsa, qochqinlar soni oshishi mumkin", deb aytdi vazir.

Vazir shuningdek 2,5 yil ichida ko‘chishga majbur bo‘lganlar soni 4 mln kishiga yetganini qo‘shimcha qildi.

 

Mavzuga oid
Top