17:41 / 27.12.2016
14364

Oliy sud Plenumining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unda Oliy sud sudyalari, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar raislari, Oliy sud huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi a'zolari, Oliy Majlis Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas'ul xodimlari, huquqshunos olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Plenum majlisida muhokama etilgan “Jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplashga oid qonunchilikni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”, “Jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini ijro etishga oid qonunlarni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida” va “Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi Oliy sud Plenumi qarori loyihalari ham mohiyat-e'tibori bilan inson huquq va erkinliklarini ta'minlashga qaratilgan bo‘lib, sudlar bu sohadagi qonun hujjatlarini aniq va bir xilda qo‘llash orqali yagona sud amaliyotini shakllantirishga xizmat qiladi. 

Plenum yig‘ilishida muhokama etilgan “Jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplashga oid qonunchilikni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qaror loyihasi amaldagi qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgani, bu qonun hujjatlarini to‘g‘ri qo‘llash borasida sud amaliyotida muayyan muammolar kelib chiqayotganligi bois ishlab chiqildi.

Qaror loyihasida surishtiruv, tergov organi va sudlarga jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplash asoslari va tartibiga oid qonunchilik talablariga og‘ishmay amal qilish yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilgan.

Bundan tashqari Oliy sud Plenumi yig‘ilishida “Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ham muhokama qilindi. Ushbu qarorning qabul qilinishi ham, shubhasiz, sudlar va jazoni ijro etish organlari uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu kunga qadar jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish bilan bog‘liq iltimosnomalarni tartibga soluvchi biron-bir me'yoriy-huquqiy hujjat mavjud emasdi. Mazkur qarorning qabul qilinishi amaliyotdagi huquqiy bo‘shliqni to‘ldirib, bu borada yuzaga kelayotgan masalalarni amaliy hal etish imkoniyatini yaratadi.
 
Shuningdek, Oliy sud Plenumi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ham muhokama etildi. 

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Top