17:45 / 27.12.2016
13768

Diniy-ma'rifiy mavzudagi eng yaxshi ijodkorlar aniqlandi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Toshkent islom universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Sarhisob» tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Tanlov mustaqillik yillari O‘zbekistonda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targ‘ib etish, tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, dinlararo bag‘rikenglik va hamkorlik g‘oyalarini ommalashtirish, xalqimiz, o‘sib kelayotgan yosh avlodni yot g‘oyalardan himoya qilishda faollik ko‘rsatgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va munosib rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazildi.

Tanlovda matbuot yo‘nalishi bo‘yicha Toshkent islom universiteti prorektori Ibrohim Usmonov birinchi o‘ringa loyiq topildi. Televideniye yo‘nalishi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti birinchi o‘rinni egalladi. Internet yo‘nalishi bo‘yicha esa Toshkent shahar «Shayx Zayniddin» masjidi imom-xatibi, muxlis.uz internet manzili muharriri Odilxon Ismoilov birinchi pog‘onani band etdi. Yilning eng faol targ‘ibotchisi yo‘nalishida Toshkent shahri «Novza» masjidi imom-xatibi Jaloliddin Hamroqulov 1-o‘ringa loyiq topildi. Shuningdek, boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham ishtirokchilar mukofotlandi.

Diniy-ma'rifiy mavzudagi eng yaxshi ijodiy ish uchun bosh mukofot O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Hidoyat sari» ko‘rsatuvi tahririyatiga berildi. 

Top