11:22 / 27.12.2016
10110

Tojikiston prezidenti tojik-afg‘on chegarasini mustahkamlashga chaqirdi

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 26 dekabrda Sankt-Peterburgda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a'zo davlatlar yetakchilari uchrashuvida ishtirok etib, nutq so‘zladi.

Rahmon nutqi boshida Qora dengiz ustida Tu-154 samolyoti qulashi tufayli Rossiya prezidenti Vladimir Putin, halok bo‘lganlar yaqinlari va qarindoshlariga yana bir marotaba chuqur hamdardlik bildirgan.  

Uchrashuv ishtirokchilari mintaqa va dunyodagi joriy vaziyat, terrorchilik, ekstremizm tarqalishi xavfi, Afg‘onistondagi murakkab harbiy-siyosiy vaziyat, tashkilotga a'zo davlatlar hududlarida xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash masalalarini muhokama qilishdi hamda tashkilot doirasida kollektiv hamkorlik masalalari bo‘yicha fikr almashishdi.  

Tojikiston prezidenti tashkilotga a'zo davlatlar yetakchilarini terrorchilik, ekstremizm, giyohvand moddalar kontrabandasi, boshqa transmilliy uyushgan jinoyatlarga qarshi kurashning muhim chorasi sifatida Tojikiston va Afg‘oniston davlat chegaralarini himoya qilish va mustahkamlash masalasiga birinchi darajali ahamiyat berishga chaqirdi.

Yig‘ilishda Tojikiston prezidentidan tashqari, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Armaniston prezidenti Serj Sargsyan, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev va Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev ishtirok etdi.

 

Top