12:36 / 01.01.2017
10214

Qozog‘iston 1 yanvardan BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a'zosi

Foto: © RIA Novosti

Qozog‘istonning BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy bo‘lmagan a'zosi sifatidagi maqomi 1 yanvardan boshlab kuchga kirdi va bu 2018 yilning oxiriga qadar amalda bo‘ladi.

Qozog‘iston 28 iyun kuni ilk marta BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Boliviya, Shvetsiya va Efiopiya qatorida 2017-2018 yillar uchun Xavfsizlik kengashining muvaqqat a'zolari etib tanlangandi. Bosh Assambleyada bo‘lib o‘tgan saylov davomida Qozog‘iston BMTga a'zo 138 mamlakatning ovozini qo‘lga kiritib, 55 ovoz olgan Tailandni ortda qoldirgandi.

BMT tuzilganida uning safida 51 mamlakat bo‘lgan, ayni damda 193 mamlakat BMT a'zosi hisoblanadi.

Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi tarkibiga hech qachon kirmagan BMTga a'zo 68 davlat qatorida edi. Ular orasida Afg‘onistan, Albaniya, Gruziya, Isroil, Kipr, Qirg‘iziston, KXDR, Moldova, Serbiya, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Shveytsariya va Estoniya bor. 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashi — BMTning asosiy doimiy ishlovchi siyosiy organi; BMT Ustavi 24-moddasiga binoan xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlab turish uchun asosiy javobgarlik BMT Xavfsizlik Kengashi zimmasiga yuklatilgan. BMT Xavfsizlik Kengashining faoliyat doirasi BMT Ustavi (V—VII boblar)da aniq ko‘rsatilgan va davlatlar o‘rtasidagi nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish sohasida keng vakolatlar berilgan. U xalqaro to‘qnashuvlarni yoxud nizolarni keltirib chiqarishi ehtimol tutilgan har qanday nizo yoki holatni tekshirish vakolatiga, tinchlikka har qanday tahdid va uni har qanday buzish yoki agressiya hollarini aniqlash hamda xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlab qolish yoxud tiklash yuzasidan tegishli tadbirlarni belgilash hamda tavsiyalar berish huquqiga egadir. BMTga a'zo 15 davlat: 5 doimiy va 10 muvaqqat a'zodan iborat. BMT Ustavi 23-moddasiga ko‘ra, AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy va Rossiya BMT Xavfsizligi Kengashi doimiy a'zolaridir. Muvaqqat a'zolar esa Bosh Assambleya tomonidan 2 yillik muddatga saylanadi, uning har bir sessiyasida 5 muvaqqat a'zo qayta saylanishi shart. Muvaqqat a'zolar o‘rni quyidagicha taqsimlanadi: Osiyo va Afrika davlatlaridan —5 a'zo, Sharqiy Yevropa davlatlaridan— 1 a'zo, Lotin Amerikasi davlatlaridan—2 a'zo, G‘arbiy Yevropa va boshqa davlatlar (Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya)dan—2 a'zo. BMT Xavfsizlik Kengashiga a'zo har bir davlat unda bir vakilga ega bo‘ladi. BMT Xavfsizlik Kengashi uzluksiz ishlaydi, uning majlislari orasidagi tanaffuslar 2 haftadan oshmasligi shart. Mazkur majlislarda davlatlar vakili ingliz tilidagi rasmiy nomi bo‘yicha alifbo tartibida bir oy mobaynida navbatma-navbat raislik qiladi. BMT Xavfsizlik Kengashi majlislari ochiq bo‘ladi; uzrli sabablarga binoan majlis yopiq deb e'lon qilingan hollar bundan mustasno.

2017 yilda Qozog‘istonning xalqaro arenadagi roli oshishi kutilmoqda. Shu yili Ostona shahrida Suriyadagi vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilishi mumkin. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Turkiya rahbari Rajab Toyip Erdo‘g‘an bilan Suriyadagi ziddiyat tomonlarini murosaga keltirish jarayoni bo‘yicha navbatdagi uchrashuvni Ostona shahrida o‘tkazishga kelishib olgan. U yangi maydon Jyeneva muzokaralarini to‘ldirishini aytgan. Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Putin hamda Erdo‘g‘an bilan telefon muloqotlari chog‘ida bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid
Top