15:19 / 01.01.2017
22683

Poroshenko ukrainaliklarni yuz yil oldingi xatoni takrorlamaslikka chaqirdi

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko Yangi yil tabrigida Ukraina milliy inqilobiga 100 yil to‘lgani haqida gapirib, ukrainaliklarni o‘tmishdagi xatolarni takrorlamaslikka chaqirdi. U Ukraina 1 yildan beri Rossiyadan bir kubometr ham gaz sotib olmaganini qayd etib o‘tgan.

U Yangi yil murojaatida 2017 yilni Ukraina uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lishi haqida gapirgan. Uning nutqi prezident saytida joylashtirilgan.

«Bu — Ukraina milliy inqilobiga 100 yil to‘ladigan kun», — degan prezident.

«Ammo o‘shanda ukrainlar, tashqi tahdidlarga qarshi kurashmasdan, o‘zaro nizolarga berilishgandi. Hozir ham agar mavjud vaziyatdan chiqmasak, siyosiy boshboshdoqliklar iqtisodiyotni ortga qaytarib yuborishi oson. Siyosat — anarxiya ichida qoladi. Mamlakatimiz esa —agressor o‘ljasiga aylanadi», — degan Poroshenko.

U tarixdan saboq olish lozimligini ta'kidlab, hatto Yangi yil kechasida ham diqqatni yo‘qotmaslik kerakligini bildirib o‘tgan.

«Men o‘z ishlarimni sarhisob qildim. Boshqa xatolarga yo‘l qo‘ymayman», — degan Poroshenko.

Ukraina prezidenti mamlakatning o‘tgan yildagi yutuqlarini sanay turib, Rossiyadan 2016 yil davomida bir kubometr ham gaz xarid qilinmaganini e'tirof etgan va buni energetik mustaqillik sifatida baholagan.

Poroshenko ukrainlarga hozirda ahvol bir yil oldindagiga qaraganda yaxshiroq ekanini, kelajakka optimizm ko‘zi bilan qarash vaqti ekanini aytgan. U davlatning iqtisodiy inqirozdagi davri ortda qolganiga ishonch bildirgan. Iqtisodiy barqarorlik esa mamlakatning mudofaa salohiyatini ham oshirgani qayd etilgan. U armiya yaxshi qurollantirilganini ta'kidlagan.

31 dekabr kuni Poroshenko amerikalik senatorlar delegatsiyasi bilan birgalikda Shirokino tumani hududidagi harbiy bazaga tashrif buyurgandi. U senatorlar Jon Makkeyn, Lindsi Grem va Emi Klobuchar bilan uchrashuv o‘tkazgan.

Makkeyn va Grem Ukrainaga uchish qurilmalari yetkazib berish tashabbuskorlari sanalishadi, ammo prezident Barak Obama bu tashabbusga to‘siq qo‘ygan. 

Mavzuga oid
Top