Jamiyat | 16:45 / 03.01.2017
76647
4 daqiqa o‘qiladi

Bloger maktablarda norasmiy ravishda "metallolom solig‘i" joriy etilgani haqida yozdi

Taniqli bloger va jurnalist Sanjar Said o‘zi istiqomat qilayotgan Jizzax viloyati maktablarida norasmiy ravishda "metallolom solig‘i" joriy etilgani bayon qilingani haqida yozdi.

Uning ma'lum qilishicha, ba'zi maktablarda "metallolom solig‘i"ni to‘lamaganlar darslarga kiritilmayapti.

Bloger shunday yozadi: "Nahotki O‘zbekiston byudjyeti bolalarning temir-tersagiga qarab qolgan bo‘lsa?!" 

Quyida ushbu post deyarli o‘zgarishlarsiz sayt o‘quvchilariga taqdim etiladi.

"Bir kuni opam qo‘ng‘iroq qilib, jiyanlarimni “metallolom olib kelmasanglar maktabga kelmanglar”, deb chiqarib yuborishgani, uyda temir-tersak bor-yo‘qligini so‘radi. Qonim qaynab ketdi. Maktab direktorining telefon raqamini topib, qo‘ng‘iroq qildim. “Jiyanlarimga metallolom solig‘ini solibsizlar, to‘lamaganlar maktabga kelmasin, emish. O‘zbekistonda 12 yillik BePUL MAJBURIY ta'lim bo‘lsa, sizlar qaysi qonun yoki kimning buyrug‘iga binoan metallolom olib kelmagan bola maktabga kiritilmasin, deb aytayapsizlar?” dedim. Maktab direktori o‘zimning sobiq ustozim, “Sanjarjon, iltimos, qo‘ying, mayli, jiyaningiz metallolom olib kelmasin, bizga tepadan shunday topshiriq bo‘lgan, bolalarga aytishga majburmiz”, deb rosa iltimos qildi. Jiyanlarim istisno tariqasida “soliq”dan ozod qilindi…

Yaqinda Arnasoyga borsam, ammamning bolalariga ham 30 kilodan metallolom olib kelishni aytishibdi. O‘zi zo‘rg‘a kun ko‘radi, bitta bolasiga topsa, boshqasi eskisi bilan yurishga majbur, shu holiga yetmaganday naqd 18 ming so‘m ortiqcha xarajat (temir-tersaklar allaqachon tugab, o‘rniga pul yig‘ishlar boshlangan). Ta'lim sifati haminqadar bo‘lib, farzandlarni zamonaviy vositalardan chalg‘itib, o‘qish, ta'lim olishga jalb qilish kundan kunga qiyinlashib borayotgan bir paytda metallolom, makulatura, obuna va yana boshqa “soliq”, majburiy-ixtiyoriy to‘lovlar bilan bolalarni maktabdan bezdirish kimning xayoliga kelgan ish? Xalq ta'limi vazirligimi yoki Moliya vazirligi? Balki viloyat hokimiyati bu buyruqni bergandir? Nahotki O‘zbekiston byudjyeti o‘quvchilar temir-tersagiga qarab qolgan bo‘lsa? Axir qip-qizil jinoyatku bu! Qaysi aqli bilan norasida bolalarga metallolom olib kelmasang maktabga kelma, deb buyruq berishayapti ular?! Undan tashqari, shuncha yig‘ilgan pullar qayerga ketayapti? Davlat byudjyetigami rostdan ham?! Keling, byudjyetimiz o‘quvchilar axlat titib, chiqindixonalarni kovlab terib keltirgan temir-tersak pulisiz qashshoqlashib qoladi, ham deylik. U holda nima uchun yig‘ilayotgan pullar bo‘yicha xalqqa hisobot berilmaydi? Qancha pul yig‘ildi, nimalarga sarflandi, yana qanday kemtiklarimizni to‘ldirish uchun qanchadan temir o‘quvchilar bo‘yniga yuk bo‘lib tushadi?!".

Mavzuga oid