18:26 / 04.01.2017
4651

Yaponiya kompaniyasi mutaxassislarining deyarli yarmini sun'iy idrok tizimi bilan alishtirmoqda

Yaponiyaning Fukoku Mutual Life Insurance sug‘urta kompaniyasi o‘zining to‘lovlar bo‘yicha mutaxassislari sonini taxminan uch baravarga qisqartirishni rejalashtirmoqda. Ularning o‘rnini IBM Watson boshqaruvidagi sun'iy idrok tizimlari egallaydi. Rahbariyatning hisob-kitobiga ko‘ra, bu kompaniyaga yiliga 1,1 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni iqtisod qilish imkonini beradi, deb yozadi Quartz nashri.

Kompaniya 2017 yilning martigacha 34 nafar sug‘urta xodimini ishdan bo‘shatish niyatida. IBM Watson tizimi 2017 yilning yanvaridan boshlab amalga tatbiq etiladi.

Sun'iy idrok texnologiyalari gospital va kasalxonalardagi hujjatlarni ko‘zdan kechirish hamda sug‘urta to‘lovlarini ajratish bilan shug‘ullanadi: bemorlarning kasallik tarixi va tibbiy kartalarini o‘rganish, tashhis va olib borilgan amaliyotlar. Bo‘limda endilikda taxminan 80 xodim ishlaydi hamda ular tizim tavsiyalarini tekshirish va tasdiqlash bilan mashg‘ul bo‘lishadi.

Kompaniya tizimni o‘rnatish uchun taxminan 1,7 million AQSh dollari va uni qo‘llab-quvvatlab turish uchun yiliga 128 ming AQSh dollaridan sarflaydi.Kompaniya rahbariyati ishlash samaradorligi 30 foizga ortishini kutmoqda.

 

Top