O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 yanvar kuni «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Hujjat matni «Xalq so‘zi» nashrida e'lon qilingan.
Ushbu Qonunning maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2016 yilning 24 noyabrida qabul qilingan, Senat tomonidan 2016 yilning 13 dekabrida ma'qullangan.
Hujjatda «korrupsiya», «korrupsiyaga oid huquqbuzarlik», «manfaatlar to‘qnashuvi» kabi asosiy tushunchalarga izoh berilgan. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari keltirib o‘tilgan.

Korrupsiya - shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish;
Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik - korrupsiya alomatlariga ega bo‘lgan, sodir etilganligi uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan qilmish;
Manfaatlar to‘qnashuvi - shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlari lozim darajada bajarishga ta'sir ko‘rsatayotgan yoxud ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat.
Qonunning 4-moddasiga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
ochiqlik va shaffoflik;
tizimlilik;
davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligi;
korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi;
javobgarlikning muqarrarligi.















