16:22 / 06.01.2017
10267

2016 yilda O‘zbekiston 818,5 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qildi

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 7 apreldagi qarori bilan «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi tarkibida yangi uzilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari eksporti bo‘yicha tuzilgan «O‘zagroeksport» maxsus tashqi savdo kompaniyasi yil hisobotini taqdim etdi.

2016 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston korxonalari tomonidan 818,5 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari (2015 yilga nisbatan 38,3 foizga ko‘proq), jumladan, sabzavotlar – 242,1 ming t (29,6 foiz), mevalar – 229,6 ming t (28 foiz), poliz ekinlari – 6,8 ming t (0,8 foiz), uzum – 96,2 ming t (11,7 foiz), dukkakli mahsulotlar – 120,2 ming t (14,7 foiz) va quritilgan mahsulotlar  124,5 ming t (15,2 foiz) miqdorida eksport qilingan.

Kompaniya saytida ma'lum qilinishicha, o‘tgan yilda 65 turdagi mahsulot eksport qilingan. Eksportning asosiy hajmi gilos (14,4 foiz), mayiz (12,8 foiz), o‘rik (7,63 foiz), uzum (7,57 foiz), mosh (6,91 foiz), pomidor (6,86 foiz), loviya (6,51 foiz), ko‘kat (5,65 foiz), shaftoli (nektarin) (4,11 foiz) va xurmo (3,96 foiz) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Mahsulotlar dunyoning 43 mamlakatiga eksport qilingan. O‘tgan yilda O‘zbekistondan meva-sabzovot mahsulotlarini eksport qiluvchi mamlakatlar qatoriga 9ta yangi mamlakat qo‘shilgan, Ispaniya va Italiyaga ilk marta konservalangan kovul, Livanga – yong‘oq, Vetnamga – mayiz, Belgiyaga – quritilgan mevalar, Shveytsariyaga – uzum va qovun, Niderlandiyaga – turshak, Isroilga – mayiz, Chexiyaga – uzum va quritilgan mevalar yetkazib berilgan.

O‘zbekiston dunyoning yirik eksportchilari qatoriga kirib, jahonda 48-o‘rinni egallagan.

Top