19:35 / 06.01.2017
17184

Pentagonning lavozimidan ketayotgan rahbari Putindan shikoyat qildi

Foto: RIA

Pentagonning o‘z lavozimini tark etishga yaqin turgan rahbari Eshton Karter AQSh Rossiya bilan prezident Vladimir Putin tufayli munosabatlarni yaxshilay olmaydi, degan fikrda. U bu haqda The Wall Street Journal’ga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, Putin o‘z siyosatidagi muvaffaqiyatlarni o‘zi tomonidan “butun dunyoda yaratiladigan noqulaylik darajasi” bilan belgilaydi. 

“Shuning uchun bizga rossiyalik yetakchilar bilan bir qarorga kelish juda mushkul”, - dedi Donald Trampning inauguratsiyasidan so‘ng lavozimidan ketadigan Pentagon rahbari.

U Moskvani Suriyadagi amaliyoti uchun alohida tanqid qildi.

Karterning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Suriyada IShID bilan kurash uchun hech narsa qilmagan. “Ular Suriya hukumati bilan birgalikda muxolifatga qarshi kurashmoqda”, - ma'lum qildi u.

Shuningdek, Karter yangi kongress va yangi prezidentlik ma'muriyatini AQShning Yevropadagi ittifoqdoshlariga yordam berishga qaratilgan moliyaviy dasturlarni davom ettirishga chaqirganini ham ta'kidlab o‘tdi. Bu “Rossiyaning aralashuvidan himoya qilish uchun” amalga oshirilgan.

“Biz Yevropada NATOni bir kuch bo‘lib ushlab turishga ko‘mak beruvchi yetakchilik xususiyatlarini ko‘rsatishimiz kerak. Sababi alyansning ajralishi va undan alohida a'zolarni chiqarib olish – Rossiya ko‘zlagan maqsadlardan biri”, - deydi u.

WSJ’ning ko‘rsatishicha, Karterning Suriyadagi Rossiya xatti-harakatiga bergan bahosi saylangan prezident pozitsiyasi bilan farq qiladi.

Pentagon rahbari – Rossiyani “qurollarni jaranglatishda” ayblayotgan ko‘plab amerikalik siyosatchilardan biridir. Shu bilan bir qatorda, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Italiyaning Il Corriere della Sera gazetasiga bergan intervyusida “Rossiya NATO davlatlariga hujum qiladi, deb faqatgina nosog‘lom kishi o‘ylashi mumkin” deb ta'kidlab o‘tgan.
 

Mavzuga oid
Top