11:54 / 08.01.2017
13849

Foreign Policy 2017 yildagi eng beqaror qaynoq nuqtalar o‘ntaligini ma'lum qildi

foto: SANA

AQShning Foreign Policy jurnali o‘z talqinicha, 2017 yilda yangi ixtiloflar vujudga kelishi mumkin bo‘lgan qaynoq nuqtalar o‘ntaligini taqdim qildi.

Bu o‘ntalikdan 6 yildan beri fuqarolik urushi girdobida qolayotgan Suriya o‘rin oldi. Urush oqibatida 500 ming kishi hayotdan ko‘z yumgan, 12 mln kishi uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Hozircha mamlakat prezidenti Bashar Asad qurolli ixtilofni tugallashga va butun davlat ustidan nazoratni qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lolmayapti. Biroq hukumat qo‘shinlari tomonidan dekabrda Halabning qaytarilishi Suriya inqirozidagi buriluvchi on bo‘ldi.

Iroqda IShID jangarilari hukumatning mamlakatni boshqarish qobiliyatiga putur yetkazdi, katta vayronagarchiliklar keltirib chiqardi hamda kurd va shia siyosiy partiyalarini bir-biri bilan tabiiy zaxiralar uchun kurashuvchi fraksiyalar va qurolli isyonchilarga ajratdi. Mo‘sulni ozod qilish bo‘yicha o‘tkazilayotgan operatsiya agar noto‘g‘ri yo‘l tutilsa, muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlanishi mumkin.  

Ukrainaning Donbassi va korrupsiya girdobida qolgan Ukraina yanada ko‘proq mavhumlik tomon yo‘nalmoqda. Kiyev AQShning yangi rahbariyati Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishi mumkinligidan cho‘chimoqda. Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko g‘arbning qo‘llab-quvvatlovini keskin yo‘qotmoqda. Poroshenkoning muammolari parlament saylovlari o‘tkazilgandan keyin yanada chuqurlashishi mumkin.

Afg‘onistondagi qurolli ixtilof va siyosiy nobarqarorlik dunyodagi tinchlikka jiddiy xavf soladi. Toliblar o‘z pozitsiyalarini mustahkamlamoqdalar, IShID jangarilari esa shialarga hujum qilishni davom ettirmoqdalar. Afg‘on qo‘shinlarining zaiflashgani jangarilar nazoratsiz qolgan hududlarni egallab olishiga olib kelishi mumkin. 

Yamandagi urush esa gumanitar falokatga olib keldi: millionlab odamlar ocharchilik xavfi ostida qolmoqdalar, 4 mingga yaqin osoyishta aholi o‘ldirilgan. Agar ixtilof hal qilinmasa, unga Al-Qoida, IShID kabi terrorchilik guruhlari aralashishi mumkin.

Anqara va Kurdiston ishchi partiyasi o‘rtasidagi ixtilof 2015 yil iyulidagi yarashuv tugagandan beri avj olmoqda. Bundan tashqari, IShID jangarilari Turkiyani muntazam ravishda nishonga olmoqda. 

Meksika va AQSh o‘rtasidagi taranglik Meksika bilan chegarada devor qurish, millionlab noqonuniy muhojirlarni AQShdan chiqarib yuborishga va'da berayotgan Donald Trampning hokimiyat tepasiga kelishidan keyin avj olishi mumkin.

Saxel hududi va Chad ko‘li havzasi u yerda vujudga kelgan terrorchilik guruhlari sababli dunyodagi eng qaynoq nuqtalardan biriga aylangan. 2016 yilda bu yerda jihodchilar Niger, Burkina-Faso va Kot-d'Ivuarda bir nechta hujumlar uyushtirganlar. Hududda Al-Qoida faol bo‘lib qolmoqda, bundan tashqari, Nigeriya, Kamerun va Chad xavfsizlik kuchlari "Boko Haram" jangarilari bilan kurashishda davom etmoqdalar. Terrorchilikka qarshi kurash hozircha natija bermayapti, gumanitar falokatga olib kelish bilan xavf solmoqda va qonli isyonlarga olib kelishi mumkin.

Kongo Demokratik Respublikasi siyosiy ixtilofdan aziyat chekmoqda – mamlakat prezidenti Jozef Kabila saylovlardan keyin, ya'ni 2017 yil oxirigacha iste'foga ketishi haqidagi kelishuvni imzolamayapti. Oxirgi oylarda Kongo xavfsizlik kuchlari va prezidentga qarshi chiqayotganlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar bir necha o‘nlab kishilarning hayotiga zomin bo‘ldi. Agar saylovlar qoldirilsa, zo‘ravonlik davom etaveradi.

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Aun San Su Chji boshchiligidagi Myanmaning yangi hukumati tinchlik va milliy yarashuvni o‘zining ustuvor vazifalari bo‘lishiga va'da bergan. Biroq yaqinda yuz bergan zo‘ravonliklar 70 yildan beri davom etayotgan qurolli ixtilofga chek qo‘yishga qaratilgan sa'y-harakatlarni xavf ostiga qo‘ydi.

 

Top