O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov nomidagi xayriya jamoat Fondi iqtidorli yoshlarni chet elga o‘qishga jo‘natish uchun hujjatlarni qabul qilishni boshladi.

Fond saytida bir qator mutaxassisliklar bo‘yicha Yevropa va AQSh oliy ta'lim muassasalarining magistratura bosqichida tahsil olish uchun Fond grantlari taqdim etish maqsadida respublika hamda chet el oliy ta'lim muassasalarini muvaffaqiyatli bitirgan, xorijiy tillarni biladigan iqtidorli va iste'dodli yigit-qizlar tanlovi boshlangani e'lon qilingan.

Mutaxassisliklar:

- Tabiiy fanlar (qayta tiklanuvchi energiya manbalari, kimyo);
- Suv va yer resurslarini boshqarish;
- Mashinasozlik texnologiyalari;
- Oziq-ovqat texnologiyalari;
- Oziq-ovqat xavfsizligi;
- Oziq-ovqat ishlab chiqarish va marketingi;
- Arxitektura (shaharsozlik, tarixiy obidalarni muhofaza etish va qayta tiklash);
- Dizayn (mahsulot dizayni, sanoat va me'morchilik dizayni)
- Rassomchilik.

Qayd etish kerakki, mutaxassisliklar orasida bitta ham gumanitar yo‘nalish yo‘q.

Fond chet elda (ikki yilgacha) tahsil olish va yashash xarajatlarini to‘laligicha moliyalashtiradi.

Fond grantini qo‘lga kiritishni istagan nomzodlarga qo‘yiladigan asosiy talablar:

 - faoliyatini milliy istiqlol g‘oyalariga bag‘ishlash, vatani va xalqining iqtisodiy va ma'naviy ravnaqiga xizmat qilishni o‘z burchi va hayotiy maslagi deb bilish;
- umumbashariy va milliy qadriyatlar ruhida fikr yuritish, keng dunyoqarash va yuksak axloq sohibi bo‘lish;
- tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha chuqur bilimga ega bo‘lish hamda kamida bitta xorijiy tilni a'lo darajada bilish.

"Islom Karimov nomidagi respublika xayriya jamoat fondi O‘zbekistonni, uning maorif maktabi va ilmiy an'analarini chet elda munosib taqdim etishda, tanlangan mutaxassislik bo‘yicha zamonaviy bilimlarni egallash qobiliyatini namoyon etish yo‘lida muvaffaqiyatlar tilaydi", deyilgan e'londa.