20:01 / 09.01.2017
4852

Harbiylar isyon ko‘targan Kot-d’Ivuar bosh vaziri iste'foga chiqdi

Kot-d’Ivuar bosh vaziri Daniyel Kablan Dunkan iste'foga chiqqani va hukumat tarqatib yuborilgani haqida e'lon qilgan. Bu haqda Reuters xabar tarqatdi.

"Men prezident Alassan Uattara bilan uchrashuvdan keyin iste'fo berdim va hukumatni tarqatib yubordim", - deya vazirlar mahkamasining sobiq rahbari so‘zlarini keltirgan agentlik.

Uning iste'fosi 2016 yilning 30 oktabrida o‘tkazilgan referendumdan keyingi tadrijiy voqealar fonida ro‘y berdi.

Yangi konstitutsiya loyihasi vitse-prezident lavozimini ta'sis etishni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, mamlakat prezidenti betob bo‘lganida, vafot etganida yoki prezident o‘z vakolatini bajara olmaydigan holatda bo‘lganida uning vazifasini bajaradi. Vitse-prezident prezident bilan birga saylanadi, bu keyingi prezidentlik saylovlaridan boshlab joriy qilinadi. Bundan tashqari, yangi konstitutsiyaga ko‘ra, prezidentlikka nomzodning yoshi 35dan boshlanadi, nomzodning otasi yoki onasi ivuarlik bo‘lishi kerak bo‘ladi. Avval prezidentlikka faqat otasi ham onasi ham ivuarlik, o‘zi ham shu mamlakat fuqarosi va yoshi 40-75 yosh oralig‘ida bo‘lishi talab etilardi.

Konstitutsiyaviy islohot shuningdek, hozirgi bir palatali parlament o‘rniga ikki palatalisini ta'sis etishni nazarda tutadi.

Yanvarning boshida Kot-d'Ivuarda qurollangan harbiylar mamlakatning uchta shahri – Buaka, Daloa va Korogoda tartibsizliklar va isyon uyushtirishgan. Ular maoshlarining oshirilishini talab qilishgan.

Mavzuga oid
Top