Jahon | 15:58 / 09.01.2017
9419
2 daqiqa o‘qiladi

Istanbul 2009 yildan buyon birinchi marta ana shunday noqulay ob-havo sharoitida qolmoqda

Foto: Anadolu

O‘tgan dam olish kunlari Turkiyaning Istanbul shahrini qoplagan kuchli qor shahar ko‘chalaridagi harakatni qiyinlashtirdi va yuzlab aviareyslarning bekor qilinishiga sabab bo‘ldi. Bu haqida Daily Sabah'da xabar berildi. 

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, eng yirik milliy aviatashuvchi Turkish Airlines Istanbul aeroportlaridagi 800ga yaqin ichki va tashqi reyslarni bekor qildi. 

Manbaga ko‘ra, dushanba kuni Istanbuldagi favqulodda holat natijasida shahar ko‘chalarida ko‘p soatli tirbandlik yuzaga kelgan. Metro va tramvaylar 24 soatli xizmat rejimiga o‘tishiga to‘g‘ri kelgan. Noqulay ob-havo sharoiti tufayli barcha maktablar yopilgan. 

Manbaga ko‘ra, Turkiyada 2009 yildan buyon birinchi marta ana shunday ob-havo kuzatilmoqda. Istanbulning ba'zi hududlarida qorning qalinligi 120 santimetrga yetgan. 

Istanbul merining so‘zlariga ko‘ra, shahar ko‘chalarini qor va muzlardan tozalash uchun taxminan 90 tonna tuz va 370 tonna muz erituvchi aralashma qo‘llanilgan. 

Shahar ma'muriyati 1300dan ortiq maxsus texnika va 7000 ishchini ko‘chalarni tozalashga yo‘naltirdi.

Sinoptiklarning taxminlariga ko‘ra, shaharda 11 yanvarga qadar ana shunday ob-havo saqlanib turishi mumkin. 

Mavzuga oid