Jahon | 10:07 / 10.01.2017
9834
2 daqiqa o‘qiladi

MRB rahbari AQShning Iroqqa bostirib kirishi xunrezliklarga sabab bo‘lganini tan oldi

2011 yili AQSh qo‘shinlarini Iroqdan olib chiqish IShIDning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmagan, biroq, bu jarayonga ta'sir ko‘rsatgan. Bu haqda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Brennan CNN telekanaliga bergan intervyusida so‘z yuritgan.

Uning fikricha, Amerika armiyasining 2003 yilda Iroqqa bostirib kirishi mintaqada qon to‘kilishlar va xunrezliklar avj olishiga sabab bo‘lgan. Biroq, uning ishonch bilan ta'kidlashicha, agar AQSh 2011 yilda harbiylarini Iroqdan to‘liq olib chiqmaganida, «voqealar boshqacha tus olgan bo‘lar edi».

MRB rahbarining fikricha, qo‘shinni olib chiqish ushbu mintaqada beqarorlik avj olishiga va bu o‘z navbatida IShID guruhi paydo bo‘lishiga olib kelgan. 

«Men aynan shu narsa (IShID paydo bo‘lishiga) sabab bo‘ldi, deb ishonmayman. O‘ylaymanki, u qator voqealarga olib kelgan omillardan biri bo‘lgan. Chunki, biz (AQSh kuchlari) bu yerda emas edik va mashg‘ulotlar o‘tkazish, (Iroq hukumatiga) maslahatlar berish va yordam ko‘rsatish imkoniga ega emas edik», — degan Brennan.

Shu bilan birga, AQSh IShIDning bu tarzda o‘sishini bilganida ham shunday yo‘l tutardi, degan fikrga qo‘shilmasligini bildirdi. 
 

Mavzuga oid