O‘zbekiston | 01:14 / 10.01.2017
32125
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Qishloq aholisi operatsiya amaliyotlarining 90 foizi Toshkent shahrida o‘tkazilmoqda. Bu noto‘g‘ri!

5 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sog‘liqni saqlash vazirligining yangi rahbariyati, markazlar rahbarlari hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarma boshliqlari va boshqa bir qator mutasaddilar bilan uchrashdi. Unda bugungi kunda tibbiyot sohasi oldida turgan kamchiliklar va muammolar xususida so‘z yuritildi. Shular qatorida ixtisoslashgan tibbiy yordam tizimiga alohida e'tibor qaratildi. 

"Ixtisoslashgan tibbiy yordam tizimida o‘z yechimini kutayotgan muammolar mavjud. Bu borada qator ishlar qilindi, lekin "Tizimning bugungi kundagi faoliyati talabga javob beradimi?" degan savol paydo bo‘ladi. Ming afsuski, yo‘q! Masalan, qishloq aholisining operatsiya amaliyotlarining 90 foizi Toshkent shahrida o‘tkazilmoqda. Bu noto‘g‘ri! Uzoq viloyatlardan Toshkentga yetib kelguncha qancha xarajat ketadi?! Bu borada tizimli taqvimlardan foydalanish kerak, ya'ni mutaxassislar navbatma-navbat kelib, operatsiyalarni o‘sha yerlarda amalga oshirishlari kerak. Ixtisoslashgan tibbiy markazlar faoliyatini tanqidiy o‘rganib chiqish zarur", - deya ta'kidladi Sh. Mirziyoyev.

Shuningdek davlat rahbari joylarda o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha uslubiy yordamlar ko‘rsatilmayotgani, mutaxassislar malakasi oshirilmayotganiga diqqatni qaratdi. Ixtisoslashgan markazlarni chekka hududlarda yashovchi aholiga yaqinlashtirish ko‘lamini oshirish maqsadga muvofiqligi qayd etildi. Shu o‘rinda ixtisoslashgan markazlar strategiyasi va taktikasi tanqid ostiga olindi. 

Mavzuga oid