07:46 / 12.01.2017
14987

Vatanni sevmoqlik insoniylik sharafidir

Bismillahir rohmanir rohiym

Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga esa behisob salavotu durudlarimiz bo‘lsin.

Har bir insonning asl vatani o‘z uyidan boshlanib, so‘ng mahallaga yoyiladi. Mahallalar majmuasidan esa qishloq va shaharlar tashkil topadi. So‘ngra bir necha qishloq va shaharlar birikmasidan butunboshli yurt, Vatan tashkil topadi. Buni bejiz keltirayotganimiz yo‘q. Chunki har bir vatanparvarman, degan kishi, avvalo, o‘z uyi daxlsizligini har taraflama ta'minlay olishi kerak. Ya'ni oila a'zolarini nafaqa, kiyim-kechak va turar-joy bilan ta'minlashi shart. Bundan tashqari, mazkur ta'minotni o‘zigina emas, balki qaramog‘ida bo‘lganlarni emin-erkin hayot kechirishlari va o‘zlarining shaxsiy ehtiyojlari tufayli qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni bemalol ado eta oladigan darajada xavfsizliklarini ta'minlashi kerak. Mazkur vazifalarni barchasi xonadonning qo‘rg‘oni, qal'asi, himoyachisi bo‘lmish erkakning zimmasida bo‘ladi. Demak har bir xonadonning erkagi o‘z xonadonida bo‘lishi kerak bo‘lgan barcha shart-sharoitlarni imkoniyat darajasida yuzaga chiqarar ekan, o‘z-o‘zidan mahalla ham har taraflama obod bo‘lib, tinchlik va xotirjamlikka erishadi. Ushbu doirani bir oz kengaytiradigan bo‘lsak, butunboshli qishloq, shahar va ulardan tashkil topgan yurt ham o‘z-o‘zidan mutlaq tinchlik, xotirjamlik va osoyishtalikka erishadi. Chunki bunday vatanning bag‘ridagi har bir shaxs o‘zining oldidagi burch va mas'uliyatlarini benuqson ado etayotgan bo‘ladi. Shundan kelib chiqib ayta olamizki, o‘zining oilasidagi tinchlik, xotirjamlikni va farovon turmushni ta'minlay olmagan kishi qanday qilib, butun boshli vatanning tinchligi va daxlsizligini ta'minlay oladi? Demak vatan sarhadlarining daxlsizligini ta'minlash uchun shu yurt aholisining hammasi yoppasiga chegarada qo‘riqchi bo‘lib turishi shart emas. Balki har bir shaxs o‘zining egallagan o‘rni va mavqeidan kelib chiqib, oldidagi burch va mas'uliyatlarini ado etsa, o‘z-o‘zidan vatanning himoyasi uchun ulkan hissa qo‘shgan bo‘ladi.

E'tibor beradigan bo‘lsak, hadisi shariflarda chegara poylashlik shariatdagi eng buyuk ibodatlarning savoblariga tenglashtirilyapti. Va unda halok bo‘lishlikning mukofoti shahidlik maqomi ekanligi ham aytib o‘tilyapti. Demak mo‘min-musulmonlar hayotga bir taraflama qaramasdan, kengqamrovli holatda nazar solishlari kerak bo‘lar ekan. Ba'zilarga o‘xshab dunyoni deb oxiratni yoki oxiratni deb dunyoni tark etib qo‘ymasdan, har ikkalasini birdek ushlagan holatda, ularni obod qilish uchun jonni fido qilib bo‘lsa ham xizmat qilish kerak.

Yuqorida har bir inson o‘zining sohasi, qobiliyati, iqtidori va imkoniyatlaridan kelib chiqib vatanining himoyasi uchun xolis xizmat qilishini aytib o‘tdik. Bu borada sahobai kiromlardan o‘rnak olsak, arziydi:

Abdurrahmon ibn Samura roziyallohu anhu aytadi:

«Usmon ming dinorni yengiga solib keltirib, Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Qiyinchilik» (urushi) askarini tayyorlayotganlarida qo‘ynilariga to‘kdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qo‘ynilaridagini u yoq-bu yoqqa ag‘darib turib, ikki marta: «Bugundan keyin Usmonga nima qilsa ham, zarar qilmaydi», deganlarini ko‘rdim» (Imom Termiziy rivoyat qilgan).

O‘sha vaqtning dinori to‘rt grammdan ortiqroq sof oltin bo‘lishini hisobga oladigan bo‘lsak, hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu o‘sha daf'a Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qo‘ynilariga to‘rt kilodan ortiq sof oltinni to‘kkanlari ma'lum bo‘ladi. Bundan bir ming to‘rt yuz yil ilgari to‘rt kilogramm sof oltin qanchalik ulkan miqdordagi mulk bo‘lganini endi bir tasavvur qilib ko‘ring, ana shunda Usmon ibn Affon roziyallohu anhu qilgan moliyaviy xarajatning ahamiyatini tushunib yetasiz!

Bu tengi yo‘q fidokorlik edi. Bu Alloh taolo yo‘lidagi ulkan xizmat edi. Bu ishni uncha-muncha gap-so‘z bilan baholab ham bo‘lmas edi.

Abdurrahmon ibn Habbob roziyallohu anhu aytadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Qiyinchilik» lashkariga targ‘ib qilganlarida hozir bo‘ldim. O‘shanda Usmon o‘rnidan turib:

«Ey Allohning Rasuli! Allohning yo‘lida yuzta tuyani egar-jabdug‘i bilan zimmamga olaman», dedi.

So‘ngra u zot yana lashkarga targ‘ib qildilar. Bas, Usmon o‘rnidan turib:

«Ey Allohning Rasuli! Allohning yo‘lida ikki yuzta tuyani egar-jabdug‘i bilan zimmamga olaman», dedi.

So‘ngra u zot yana lashkarga targ‘ib qildilar. Bas, Usmon o‘rnidan turib:

«Ey Allohning Rasuli! Allohning yo‘lida uch yuzta tuyani egar-jabdug‘i bilan zimmamga olaman», dedi.

Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning minbardan tushayotib:

«Bundan keyin Usmon nima qilsa ham, zarar bo‘lmas. Bundan keyin Usmon nima qilsa ham, zarar bo‘lmas», deganlarini ko‘rdim» (Imom Termiziy rivoyat qilgan).

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: «Alloh taolo yurtlarni vatan muhabbati bilan obod qildi», deganlar. Va yana shunday deganlar: «Agar vatan muhabbati bo‘lmaganida, yurtlar xarob bo‘lardi».

Hazrati Ali karramallohu vajhahu bunday degan edilar: «Ona-Vatanni sevish tufayli dunyo obod bo‘lgan».

Shayx Muhammad G‘azzoliy aytgan ekanlar: «Inson o‘z yerini undagi narsalari bilan, garchi u joy odam yashamaydigan sahro bo‘lsa ham sevadi. Vatanni sevmoqlik qalbdagi asl, tug‘ma tabiatdir. Tug‘ma tabiat insonni vatanida yashab turganda xotirjam, undan yiroqda bo‘lganda sog‘inadigan, unga hujum qilinganda uni himoya qiladigan, unga hurmatsizlik qilinganda g‘azablanadigan qilib qo‘yadi».

Marhum alloma Alixonto‘ra Sog‘uniy hazratlarining quyidagi so‘zlari ona-Vatanini sevgan har bir kishining qalbida g‘ayrat va shijoat uyg‘otadi:

«Har bir kimsaga ma'lumdirki, hayot olamida insonning eng sevgan, qadrli, qimmatli to‘rt narsasi bordur. Bu to‘rt narsaga ega bo‘lmagan kishilar insonlik sharafidan mahrum bo‘lurlar. Ular: Ozodlik va erkinlik, mehnat bilan topilgan molga o‘zi egalik qilmog‘i, tug‘ilib-o‘sgan ona-Vatani hamda asrlar bo‘yi asrab-avaylab kelayotgan muqaddas dini».

O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari hayot kechiradi, lekin uning millati va elatidan qat'i nazar, shu yurt barchamizning vatanimizdir. Ba'zilar o‘ylaganidek, O‘zbekiston o‘zbeklarning vatanigina emas, balki kim shu yurtda tug‘ilib-o‘sib yashayotgan bo‘lsa, uning ham asl vatani shu yurt bo‘lib, u ham shu yurtning tinchligi, osoyishtaligi va chegarasining daxlsizligi uchun javobgardir.

Fursatdan foydalanib barcha yurtdoshlarimizni «Vatan himoyachilari kuni» bilan muborakbod etamiz.

Ishoqjon BeGMATOV,

Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,

«To‘xtaboy» jome masjidi imom-xatibi,

«Oltin Qalam» XI Milliy mukofoti sohibi

Top