Iqtisodiyot | 07:33 / 13.01.2017
12053
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Xitoy ustidan shikoyat qildi

Foto: AFP 2017/ Fabrice Coffrini

Vashington Xitoyni alyuminiy va po‘lat quyuvchi sanoatdagi protektsionistik (qo‘llab-quvvatlovchi) choralar qo‘llashda ayblab, uning ustidan Jahon savdo tashkilotiga shikoyat qildi. AQSh fikricha, bu choralar bozorda mahsulotning ko‘payib ketishiga olib keladi.     

"Bugun biz amerika ishchilari va korxonalarini qo‘llab-quvvatlashimizni bildirib, JSTga Xitoyning savdodagi harakatlariga qarshi yangi shikoyat yo‘llamoqdamiz", deb aytilgan AQSh prezidenti Barak Obamaning bu boradagi bayonotida.

Obamaning aytishicha, "Xitoy misli ko‘rilmagan kreditlar va boshqa noqonuniy davlat subsidiyalari berish yo‘li bilan alyuminiy ishlab chiqarish sanoatiga nohalol ustunliklar bermoqda. Bunday siyosat amerikalik ishlab chiqaruvchilarni noqulay vaziyatga qo‘yadi va alyuminiy, po‘lat bozorining me'yoridan to‘lib-toshishiga olib keladi. Obamaning ta'kidlashicha, AQSh "o‘z ishlab chiqaruvchilarni himoyalash uchun choralar ko‘rmoqda".  

Vashingtonda ta'kidlanishicha, AQSh JSTga shikoyatlar berish bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. Jumladan, AQSh Xitoyni nohalol savdoda ayblab, JSTga muntazam uning ustidan shikoyatlar yo‘llaydi. 

AQSh prezidenti etib saylangan Donald Tramp o‘zining saylovoldi kampaniyasi davomida Xitoyni "qoidalarga ko‘ra o‘ynashga" majbur qilishga va'da bergandi va Xitoy bozor iqtisodiyoti hisoblanmasligini aytgandi.    

Xitoy bunga javoban Trampga davlatlar o‘rtasidagi barcha savdo bahslarini JSTda hal qilishni taklif qilgan. Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakilining aytishicha, agar Xitoy va AQSh o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar faqatgina bir tomonga foydali bo‘lganda, unda bu aloqalar hozirgidek darajaga yetmagan bo‘lardi. 

Mavzuga oid