Jamiyat | 10:10 / 13.01.2017
18177
2 daqiqa o‘qiladi

Gapiruvchi maymunlar topildi

Fransiya va AQShlik olimlar Gvineya ittumshuq maymunlari (Papio papio) insonning unli tovushlariga o‘xshash tovushlardan foydalanishini aniqlashdi. Bu esa yuqori rivojlangan sut emizuvchilarga umumiy bo‘lgan so‘zlashish tilining asosiy elementlari taxminan 25 million yil muqaddam paydo bo‘lganini anglatadi. Bu boradagi tadqiqot natijalari PLoS ONE jurnalida taqdim etildi, u haqda qisqacha Science News nashri xabar bermoqda.

Papio papio tomonidan chiqariluvchi tovushlarning ko‘pchiligi insonlardagi [u], [o], [e], [a] va [y]ni eslatadi. Olimlarning fikricha, Gvineya ittumshuq maymunlari va kishilar tovushining o‘xshashligi qadimiy signallar tizimining umumiyligidan darak beradi.

Mutaxassislarning aniqlashicha, so‘zlashishga sut emizuvchilar bo‘g‘zining emas, balki tilining shakli ta'sir ko‘rsatadi. Gvineya ittumshuq maymunlari va insonlarning og‘iz bo‘shlig‘i tubidagi toq o‘simta mushaklari hajmi esa bir-biriga o‘xshashdir.

Muqobil nuqtai-nazarga ko‘ra, inson nutqi taxminan 70-100 ming yil avval paydo bo‘lgan hamda bu bo‘g‘iz rivojlanishi bilan bog‘liq. Yangi tadqiqot esa Homo sapiens’dan tashqari, kamida Papio papio’da tovush chiqarish uchun kerakli anatomik imkoniyatlar borligini ko‘rsatdi.

Mavzuga oid