Jahon | 12:40 / 13.01.2017
13098
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Pokiston ekstremizmga qarshi birgalikda kurashadi

O‘zbekiston va Pokiston qator sohalar, xususan, ekstremizmga qarshi kurash va savdoni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Bu haqda ikki mamlakat hukumatlari ma'lum qildi, deb yozmoqda central.asia-news.com sayti. 

Ikkala mamlakat ham ekstremizmga qarshi kurashadi, degan Pokiston prezidenti Mamnun Husayn 2016 yil 23 dekabrda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Rozukulov rahbarligidagi delegatsiyani Islomobodda qabul qilar ekan. 

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Rozukulov va Pokiston Bosh vaziri Navaz Sharif 

Shu bilan birga, xavfsizlik sohasida erishilgan kelishuvlarning tafsiloti oshkor qilinmagan. Bundan tashqari, ikki davlat ham savdo aloqalarini kengaytirishdan manfaatdordir. 23 dekabrda Rozukulovning Husayn bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarida Pokiston davlat rahbari, mamlakatining O‘zbekiston bilan energetika, inson resurslari va iqtisodiyotning boshqa sohalarida hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini bildirgan edi. 

Mazkur uchrashuvdan bir kun avval, Pokiston savdo vaziri Xurram Dastgir Xon O‘zbekiston bilan savdo aloqalari «ulkan salohiyat»ga ega ekanini aytgan edi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Pokiston va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik sanoati va sport buyumlari ishlab chiqarish sohalariga sarmoya kiritish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishlari lozim». 

2015-2016 yillarda ushbu davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 3,9 mln AQSh dollarini tashkil etgan, bu 2014-15 yillardagi ko‘rsatkichdan 900 ming dollarga ko‘p bo‘lgan. 

«Bu esa, mintaqadagi yirik davlatlar uchun arzimagan raqamlardir. Misol uchun, 2015 yilda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo aylanmasi 445,5 mln dollarga yetgan. Shu boisdan ham, hukumatlar mavjud muammolarni hal etish va tadbirkorlarga yordam berishni urinmoqda», – deydi toshkentlik ekspert Umid Asatullayev.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning muhandislik va kimyo sanoati mahsulotlarini eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi «Uzsanoatexport» korporatsiyasi Pokistonning «KASB» guruhi bilan O‘zbekiston-Pokiston savdo uyini tashkil etish bo‘yicha kelishuvni imzolagan, deb xabar qiladi The Express Tribune nashri.

Bu tashkilot O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan paxta terish mashinalari va kombaynlar kabi qishloq xo‘jaligi texnikalarini Pokistonga eksport qilishni qulaylashtiradi.

Mavzuga oid