14:42 / 14.01.2017
32400

14 yanvar – mustaqil O‘zbekiston mardlarining sanasi muborak

Davlat mudofaa qobiliyatining eng muhim qismi uning Qurolli kuchlaridir. Shundan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasi ham mustaqillikni qo‘lga kiritgan davrida o‘zining Qurolli kuchlarini tashkil etdi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining" Vatan himoyachilari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunga binoan 14 yanvar kuni "Vatan himoyachilar kuni", deb e'lon qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tarkibiga Quruqlikdagi qo‘shinlar, Harbiy Havo kuchlari va Havo hujumidan mudofaa qushinlari, maxsus va muhandislik-quruvchilik qo‘shinlari, Ichki ishlar vazirligining ichki va qorovul qo‘shinlari kiradi.

1992 yilda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlar negizida Milliy gvardiya tuzildi. Milliy gvardiya Qurolli Kuchlarning tarkibiy qismidir, Milliy gvardiya va Qurolli kuchlarning asosiy vazifasi, O‘zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini va osoyishtaligi hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish etib belgilangan. Umuman, O‘zbekistonning Qurolli kuchlari harbiy tuzilmalar, harbiy o‘quv yurtlari va boshqa harbiy qismlardan iborat bo‘lib, ular davlat tomonidan tashkil qilingan va ta'minlangan bo‘lib, urush va boshqa harbiy mojarolarning oldini olish, mamlakat mustaqilligini, aholining tinch hayotini va xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan. O‘zbekistonda qo‘shinlar operativ boshqaruvini tashkil etish maqsadida harbiy okruglar tashkil etilgan. Harbiy okrug bu - operatsion yo‘nalishlarda mamlakatning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta'minlovchi asosiy harbiy-ma'muriy birlik hamda umumqo‘shin tezkor-strategik hududiy birlashmasidir. O‘zbekiston Respublikasi qurolli quchlari harbiy okruglari 5 mintaqaga taqsimlangan. Birinchisi Shimoliy-G‘arbiy harbiy okrug bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Republikasini qamrab oladi, bu harbiy okrugning shtabi Nukus shahrida joylashgan. Ikkinchisi Janubiy-g‘arbiy harbiy okrug bo‘lib Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarini o‘z ichiga oladi. Bu okrugning shtabi Qarshi shahrida joylashgan. Uchinchisi Markaziy harbiy okrug bo‘lib Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarini o‘z ichiga oladi, bu okrugning shtabi Jizzax shahrida joylashgan. To‘rtinchisi Toshkent harbiy okrugi bo‘lib Toshkent shahri va Toshkent viloyatini o‘z ichiga oladi. Ushbu okrugning shtabi Toshkent shahrida joylashgan. Beshinchisi Sharqiy harbiy okrug bo‘lib, Andijon, Namangan, Farg‘ona valoyatlaridan iborat va bu okrugning shtabi Farg‘ona shahrida joylashgan.

Bu harbiy okruglarning barchasi bevosita O‘zbekiston mudofaa vazirligiga bo‘ysunadi. O‘zbekistonda Mudofaa vazirligining qoshida Toshkent umumqo‘shin komandirlari, Samarqand avtomobilchi komandir-muhandislar, Chirchiq tankchi komandir-muhandislar, Jizzax aviatsiya oliy harbiy bilim yurti, Ichki ishlar vazirligining Toshkent oliy harbiy texnika bilim yurti, Yong‘in xavfsizligi oliy texnika maktablari faoliyat yuritadi. Ushbu harbiylashgan o‘quv yurtlarida hamda o‘quv okruglaridagi serjantlar tayyorlash maktablarida Qurolli Kuchlar saflariga turli mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. O‘zbekistonning harbiy qudrati O‘rta Osiyo mamlakatlari ichida birinchi o‘rinda tursa, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlaklari ichida esa Rossiya va Ukrainadan so‘ng uchinchi o‘rinda turadi. O‘zbekiston xalqaro terrorizm, ekstremizm va giyohvandlik faoliyatlariga qarshi kurashda jiddiy va keng qamrovli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan respublikamizdagi barcha harbiy zobitlar, organ xodimlari, qolaversa, el-yurt xizmatida kamarbasta bo‘layotgan er kishilarni saytimiz nomidan samimiy qutlab qolamiz!

Top