13:39 / 15.01.2017
26335

Toshkent shahrida Islom Karimov haykalini yaratish bo‘yicha Xalqaro ijodiy tanlov Nizomi taqdim etildi

Toshkent shahrida o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish bo‘yicha Xalqaro ijodiy tanlov Nizomi taqdim etildi. Bu haqida art-academy.uz saytida batafsil ma'lumot berildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 2 dekabrdagi PQ-2667-sonli qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish bo‘yicha Xalqaro ijodiy tanlov Toshkent shahrida o‘tkaziladi.

Xalqaro ijodiy tanlov tashkilotchilari - O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi, Toshkent shahar hokimiyati, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston milliy teleradikompaniyasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasi, O‘zA (O‘zbekiston Milliy axborot agentligi), O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi.

Tanlovning asosiy maqsadi Toshkent shahrida buyuk davlat va siyosat arbobi, O‘zbekiston Mustaqilligining asoschisi — O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish bo‘yicha ishlab chiqilgan eng yaxshi loyihani tanlab olishdir.

Manbaga ko‘ra, yodgorlik Toshkent shahrida o‘rnatiladi. 

Xalqaro ijodiy tanlov bir bosqichda o‘tkaziladi. Ijodiy tanlov ishtirokchilari uchun O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda tashkiliy qo‘mitaning maxsus internet saytida tanlovga oid quyidagi ma'lumot va materiallar joylashtiriladi: tanlov dasturi va talablari, O‘zbekiston Birinchi Prezidentining hayoti va faoliyati yoritilgan ma'lumot, Islom Karimov suratlari jamlanmasi, yodgorlik o‘rnatiladigan joy chizmasi: ajratilgan maydon va uning atrofidagi hududga doir fotosuratlar, hududning asosiy rejasi.

Mazkur xalqaro ijodiy tanlovda mutaxassis haykaltaroshlar, arxitektorlar ishtirok etishlari mumkin. Ishtiroki yo‘l qo‘yilmaydiganlar - hakamlar hay'atini tuzgan shaxslar, hay'at a'zolari, ularning qarindoshlari, hamkorlari, yordamchilari va xodimlari, hay'at a'zosi vazifasiga doir faoliyatning biror bosqichida ishtirok etuvchi shaxslar, tashkiliy qo‘mita a'zolari, shuningdek, tanlovga tayyorlanish, o‘tkazish, natijalarni qabul qilish va tasdiqlash bosqichlarining birortasida ishtirok etuvchi shaxslar.

Anonimlikni saqlash uchun Xalqaro ijodiy tanlov ishtirokchilari o‘z loyihalarini barcha materiallarining pastki o‘ng burchagida hamda yashirin kodli konvert yuzida oltita belgidan iborat yashirin kod ostida taqdim etishadi. Kodli konvertda quyidagi ma'lumotlardan iborat ma'lumot varaqasi bo‘lishi shart:

– loyiha mualliflarining ism-sharifi;
– ma'lumoti, mutaxassisligi, unvoni;
– fuqaroligi;
– manzili;
– telefon raqamlari, elektron pochtasi;
– shaxsni tasdiqlovchi hujjat, xorijlik ishtirokchilar uchun esa xorij pasporti nusxasi, shuningdek, diplom nusxasi;
– loyiha mualliflari shaxsiy raqamlari rekviziti, STIR;
– mukofotning loyiha hammualliflari o‘rtasida foizli nisbati ko‘rib chiqilgan, ijodiy jamoaning barcha a'zolari imzo chekkan kelishuv;
– barcha mualliflarning shaxsiy imzosi;
– sanasi ko‘rsatilgan va to‘ldirilgan ma'lumot varaqasi.

Xalqaro ijodiy tanlovning boshlanish sanasi ommaviy axborot vositalarida tanlov shartlari e'lon qilingan kundan so‘ng aniqlanadi.

Tanlov ishlari hakamlar hay'atiga tanishish uchun 2017 yilning 31 martgacha quyidagi manzilga yuboriladi: 
Toshkent shahri, 100029, Sh.Rashidov ko‘chasi, 40-uy. O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi. Markaziy ko‘rgazmalar zali. 
Tel., faks:  (99871) 252-26-50, 256-51-45.

Xalqaro ijodiy tanlov ishtirokchilari tanlov materiallarini tayyorlashga ketadigan mablag‘ning barchasini, shuningdek, Markaziy ko‘rgazmalar zaliga olib kelish xarajatlarini o‘z zimmasiga oladi.

Top