10:35 / 16.01.2017
20232

Yangi ish o‘rinlari yaratmagan hokimlarning ish haqi ushlab qolinadi

14 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi va bir qator sohalardagi kamchiliklarga diqqatni qaratdi.

Jumladan, Prezident majlisda bandlik masalasiga ham e'tibor qaratdi.

“Bugunning o‘zida har bir bitiruvchini aniq bir tashkilotga biriktirishni ta'minlash bilan birga, uning bo‘lajak ish joyi, ish haqi va ijtimoiy sharoitlarini aniq belgilash zarur. 

Bularning barchasini huquqiy hujjatlar bilan mustahkamlash va eng asosiysi, xo‘jalik yurituvchi sub'yekt rahbarining nafaqat majburiyatini, balki shaxsiy mas'uliyatini ham belgilash zarur. 

Faqat shunday yo‘l bilan biz davlatning o‘quvchilar va ularning ota-onalari oldidagi majburiyatini bajarishimiz mumkin. Xuddi shunday amaliyotni respublika oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari bo‘yicha ham ishlab chiqish va joriy etish darkor. 

Navbatdagi muhim vazifa – bu bandlik masalasini hal qilishning butun tizimini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha kompleks rahbariyati, hokimlar va ularning birinchi o‘rinbosarlari shaxsiy mas'uliyatini oshirishdan iborat. Shu masala bo‘yicha quyidagi takliflarni kiritaman. 

Birinchidan, hokimlar yangi ish o‘rinlari yaratish yuzasidan tasdiqlangan ko‘rsatkichlarni, har oy yakuniga ko‘ra bajarilishini ta'minlagan taqdirda, ularning ish haqiga 15 foiz qo‘shimcha qo‘shish bilan rag‘batlantiriladi. Ana shu ko‘rsatkichlar bajarilishi ta'minlanmasa, aksincha, ularning ish haqidan 15 foiz ushlab qolinadi. 

Ikkinchidan, mazkur yo‘nalish uchun bevosita javob beradigan hokimlarning birinchi o‘rinbosarlari ham shunga mos ravishda ish haqining 20 foizi miqdorida yo rag‘batlantiriladi, yo jazolanadi. Bu tartib viloyat, tuman va shaharlarning iqtisodiy komplekslari barcha rahbarlariga nisbatan ham qo‘llanadi. 

Shuning uchun Bosh vazir A.Aripovga, Bosh vazir o‘rinbosari R.Azimovga 15 kunlik muddatda ish joylari tashkil etishni moddiy rag‘batlantirishga doir taklif etilayotgan ushbu tizimni shu yilning 1 martidan boshlab amaliyotga joriy etish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining puxta ishlangan qarorini qabul qilishni topshiraman”, - dedi prezident. 

Top