Jamiyat | 12:17 / 18.01.2017
12479
4 daqiqa o‘qiladi

Olimlar qand kasalligi insonning 9 yillik umriga zomin bo‘lishini ko‘rsatdilar

Foto: © Fotolia

Xitoyning qand kasalligidan aziyat chekuvchi aholisi ortidan olib borilgan kuzatuvlar bu kasallik diabetiklarning xuddi o‘zlari kabi ta'lim va sharoitga ega sog‘ odamlarga nisbatan taxminan 9 yillik umrlariga zomin bo‘lishini ko‘rsatdi, deb ma'lum qilishdi olimlar JAMA jurnalida chop etilgan maqolada.

"Yoshlar va katta yoshli xitoyliklar o‘rtasida qand kasalligidan aziyat chekuvchilar soni shiddat bilan ko‘paymoqda va hukumat qand kasalligining avj olishi va uning asoratlariga qarshi kurash bo‘yicha strategiyasini o‘zgartirmasa, u bilan bog‘liq o‘limlar soni ko‘payishda davom etadi", deb aytmoqda Oksford universiteti (Buyuk Britaniya) olimi Chen Chjenmin.  

Ko‘plab rivojlangan davlatlardan farqli, Xitoyda qand kasalligidan aziyat chekuvchilar soni qolgan boshqa "ikkinchi dunyo" davlatlaridagi kabi tez ko‘paymoqda. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, qand kasalligidan aziyat chekuvchilar soni Xitoyda bir necha oxirgi o‘n yillar ichida 100 mln kishiga yetgan.

Chjenmin va uning hamkasblari bunday bemorlar sonining keskin oshishi millat salomatligi va Xitoydagi tug‘ilish bilan bog‘liq vaziyatga qanday ta'sir qilishi mumkinligi bilan qiziqib qolishdi. Olimlar buning uchun Xitoyning sog‘lom aholisi va diabetiklar orasida o‘lim sur'atini tahlil qilishdi va qand kasalligiga duchor bo‘lgan odam o‘rtacha necha yil umrini yo‘qotishini hisoblash chiqishga harakat qilishdi.

Olimlar umumiy hisobda Xitoyning 5 ta yirik shahri va 5 ta yirik viloyatida yashovchi 30 yoshdan 79 yoshgacha bo‘lgan 500 mingdan ko‘proq xitoylikning hayoti va kasalligi tarixini o‘rganib chiqishdi. Bu odamlarning barchasi Xitoy hukumati tomonidan 2004 yilda yo‘lga qo‘yilgan va 10 yil davom etgan salomatlikni uzoq vaqt monitoring qilish bo‘yicha loyihada ishtirok etishgan.

Bu odamlar orasida dastlab 6 foizi diabetiklar bo‘lgan, e'tiborlisi ularning ko‘pchiligi yaxshi sog‘liqni saqlash tizimiga ega va turmush tarzi yuqori bo‘lgan yirik shaharlarda yashagan. Kuzatuvlarning ko‘rsatishicha, diabetiklar ularning sog‘lom tengdoshlariga nisbatan 2 barobar ko‘proq vafot etishgan va o‘limlarning ko‘p qismi shifokorlar xizmatlaridan foydalanish ancha yomonroq yo‘lga qo‘yilgan qishloq joylariga to‘g‘ri kelgan.

Chjenminning aytishicha, qand kasalligi ishemiya, insult, buyraklar, jigar kasalliklari, yuqumli kasalliklar va saratonning ba'zi turlarining rivojlanishi imkoniyatini oshirgan. Xitoyda kasallik asoratlaridan o‘lish xavfi barcha rivojlangan davlatlardagidan ancha yuqori bo‘lgan va shaharda yashovchi diabetik xitoyliklar kasalligi tufayli 8 yil, viloyatda turuvchilar esa 10 yil umrini yo‘qotgan.

Olimlarning fikricha, bu natijalar qand kasalligi epidemiyasini kamaytirish va bu kasallikdan aziyat chekuvchi odamlar turmush tarzini yaxshilash bo‘yicha choralarni rivojlantirish zarurligini ko‘rsatadi. 

 

Mavzuga oid