15:48 / 19.01.2017
11745

Qozog‘iston sobiq bosh vazirining jazo muddati qisqartirildi

Foto: Government.kz

Qozog‘iston sudi korrupsiyada aybdor topilgan mamlakat sobiq bosh vaziri Serik Axmetovning jazo muddatini amnistiya aktini qo‘llagan holda qisqartirish so‘rovini qanoatlantirdi. Bu haqda "Kazinform" agentligi sud vakiliga tayangan holda xabar qilmoqda. 

Axmetov 2015 yil dekabrida "o‘zganing mulkini o‘zlashtirib olish", "tadbirkorlik faoliyatida noqonuniy ishtirok etish", "lavozim vakolatidan g‘arazli maqsadlarda foydalanish" va "qonuniy tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish" kabilarda aybdor deb topilgan va 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi. 2016 yil martida Qarag‘anda viloyati apellyatsiya sudi bu muddatni 8 yilga tushirgan edi. 

Shunday qilib, yangi qarorga ko‘ra, sobiq bosh vazirning jazoni o‘tash muddati bir yil, 7 oy va 11 kunga qisqartirilgan. Biroq, hozircha, sud qarori kuchga kirmagan. Ayblov tomoni bu qaror yuzasidan noroziligini bildirishi mumkin. 

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev, 2016 yil 13 dekabrida mamlakat mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida qonunni imzolagan edi. 

Mavzuga oid
Top