18:55 / 19.01.2017
18171

Tehronda bino qulab tushishi oqibatida kamida 30 nafar o‘t o‘chiruvchi halok bo‘ldi

Eron poytaxti Tehron shahrida joylashgan binoda yuzaga kelgan yong‘in oqibatida kamida 30 nafar o‘t o‘chiruvchi halok bo‘ldi. Inshoot keyinchalik qulab tushgan, deb xabar berdi Press TV mahalliy telekanali.

Rasmiy manbalar ma'lumotiga ko‘ra, vayronalar ostida 50-100 nafar inson qolayotgan bo‘lishi mumkin. Voqea joyiga qutqaruvchilar yetib kelishgan, ular itlar yordamida tirik qolganlarni topishga harakat qilmoqda. Eron televideniyesi tomonidan namoyish etilgan kadrlarda qulagan ko‘p qavatli bino yonidagi imorat ham jiddiy zarar ko‘rgani tasvirlangan.

Shaharda favqulodda holat e'lon qilindi. Tehron hokimi Baler Galibaf ham hodisa yuz bergan joyga yetib kelgan.

Avvalroq Tasnim agentligi binoda yuzaga kelgan yong‘in tufayli 40 nafar o‘t o‘chiruvchi jarohat olgani haqida xabar bergandi.

Ma'lumot uchun, “”Plasko” savdo markazida yong‘in mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 8 da chiqqan. Olov binoning to‘qqizinchi qavatida yuzaga kelgan hamda majmuaning yuqori qismlariga tezda tarqalgan. Voqea joyiga yetib kelgan o‘t o‘chirish guruhlari 3,5 soat davomida uni o‘chirishga harakat qilishdi. Yonayotgan bino 11:30 da qulab tushdi.

“Plasko” majmuasi 1962 yilda qurilgan bo‘lib, Tehronning eng baland binolaridan biri hisoblanardi. Savdo markazida kiyim-kechak va oyoq kiyimi sotish bilan shug‘ullangan ko‘plab do‘konlar bo‘lgan.

Ayni damda vayronalarni tozalash ishlari olib borilmoqda. Qayta yong‘in chiqish xavfi bor. Shahar markazida kuchli tutun tufayli avtomobillar harakati murakkablashgan. 

 

Top