Har yilning yanvar oyida butun danyoning siyosiy va iqtisodiy yetakchilari Shveytsariyaga to‘planishadi. Ular Davos dam olish maskanida tashkil etiladigan Butunjahon iqtisodiy forumida ishtirok etishadi. 2017 yilgi anjuman 17-20 yanvar kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda 3 mingga yaqin kishi ishtirok etmoqda. 

Bu yilgi forum mavzusi “Hozirjavob va mas'uliyatli yetakchilik” deb nomlandi. 

Forumda AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp tomonidan biznes bilan aloqalar bo‘yicha prezident maslahatchisi lavozimiga tanlangan Entoni Skaramuchchi ham ma'ruza qildi.

Anjuman davomida dasturga binoan 400ga yaqin turli mavzuda sessiya bo‘lib o‘tmoqda. Unda Xitoy delegatsiyasiga jiddiy e'tibor qaratilgan.

Xalqaro Valyuta jamg‘armasi rahbari Kristin Lagardning so‘zlariga ko‘ra, rivojlangan mamlakatlar o‘rta sinf vakillari inqirozni boshidan kechirmoqda. Uning aytishicha, mamlakatlar hukumatlari bu muammoni hal etish uchun choralar ko‘rishlari lozim. Lagardning fikricha, iqtisodiy notenglikka barham berish – ekstremizm ildiziga bolta urishdir. XVJ rahbarining ta'kidlashicha, “jasur yetakchilarning xalqni tinglash vaqti kelgan”. 

Davos forumida, shuningdek, Brexit, Trampning prezidentligi, Xitoyning o‘sib borayotgan roli, Rossiyaga qarshi sanksiyalar ham muhim mavzular hisoblanmoqda. 

Xitoy raisi Si Tszinpin ma'ruzasi forumni ochib berdi. U o‘z chiqishida proteksionizmga yo‘l qo‘ymaslikka, dunyoga farovonlik olib kelayotgan global erkin savdo o‘sishini cheklamaslikka chaqirgan. “Savdo urushlarida g‘olib bo‘lmaydi”, - degan XXR raisi.