2017 yil 19 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi. Qarorning rasmiy matni “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalarida chop etildi. Bu haqda Xushnudbek.uz yozmoqda. 

Qarorda yuridik xizmatlarning bugungi kundagi bir qator kamchiliklari bayon qilingan. Xususan:

yuridik xizmat xodimlari qonun buzilishining oldini olish hamda ular bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rish uchun yetarli va ta'sirchan vakolatlarga ega emasliklari sababli ularning faoliyati kutilgan samarani bermayotganligi;

yuridik xizmatlarni tashkil etishning tartibi, ularning shtat birliklarini belgilash me'yor va mezonlarining mavjud emasligi turli davlat organlari va tashkilotlarida yuridik xizmatlarning tashkiliy shtat tuzilmasini oqilona belgilashni ta'minlashga imkon bermayotganligi;

yuridik xizmatlar tomonidan huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va umumlashtirish, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish ishlari samarali tashkil etilmaganligi;

yuridik xizmat xodimlarining moddiy ta'minot darajasi mazkur sohaga oliy yuridik ma'lumot va amaliy tajribaga ega yuqori malakali kadrlarni jalb qilishga to‘sqinlik qilayotganligi, bu esa yuridik xizmatlar ishining sifatiga o‘z ta'sirini o‘tkazayotganligi ta'kidlandi.

Qaror bilan yuridik xizmat faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan quyidagi o‘zgarishlar belgilab berildi:

davlat organlari va tashkilotlarida, shu jumladan, ularning hududiy tuzilmalarida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan minimal me'yor va mezonlarga asosan, majburiy tartibda yuridik xizmatlar tashkil etiladi;

yuridik xizmatning mavjud shtat birliklarining qisqartirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;

davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlariga adliya organlari xodimlariga belgilangan martaba darajalarini berish, ko‘p yillik xizmat uchun ustamalarni to‘lash tartibi tatbiq etiladi. Bunda xarajatlar davlat organlari va tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan qoplanadi;

yuridik xizmat xodimi sifatidagi mehnat staji xodim boshqa davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlariga ishga o‘tganda, martaba darajalari va ko‘p yillik xizmat ustamalarini to‘lash uchun mo‘ljallangan mehnat staji hisobiga olinadi;