AQShning 45-prezidenti Donald Tramp Kapitoliy binosi maydonida qasamyod qilganidan so‘ng, ilk rasmiy ma'ruzasini qildi. Tramp, dastavval, hokimiyatni silliq topshirishga hissa qo‘shgani va AQShga xizmat qilgani uchun Barak va Mishel Obamalarga minnatdorlik bildirdi. Shundan so‘ng, ma'ruzasining asosiy qismiga o‘tdi.

AQSh boshqaruvi Amerika xalqiga qaytadi
45-prezidentning ta'kidlashicha, u hokimiyatni Vashingtondan xalqga qaytaradi. Tramp, shuningdek, Amerika uchun yangi rivojlanish yo‘lini tanlashini bildirdi.
"Vashington gullab yashnadi, biroq, uning boyliklari xalq bilan taqsimlanmadi", - dedi AQShning yangi prezidenti. – Mamlakatimizning unutilgan fuqarolari, boshqa unutilmaydi".
Uning aytishicha, "qaysi partiya hukumatni nazorat qilishi muhim emas, xalq hukumatni nazorat qilayaptimi, yo‘qmi, shu narsa muhimdir". Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSh xalqi mamlakatning haqiqiy boshqaruvchisiga aylanadi.
Amerika vayron bo‘lishdan to‘xtaydi

Donald Trampning uqdirishicha, odamlar yaxshi ishga ega bo‘lishni va yaxshi ta'lim olishni istaydi. Uning bayonotiga ko‘ra, vayron bo‘layotgan Amerikaning barbod bo‘lishi bugundan to‘xtaydi.
Tramp ilk ma'ruzasida, shuningdek, Amerika armiyasi holdan toyganini ta'kidladi. "Amerika, o‘z xavfsizligini tahdid ostiga qo‘ygan holda, boshqa mamlakatlar chegaralarini himoya qildi. Biroq, bular o‘tmishda qoldi", - dedi Amerikaning yangi davlat rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan avval, hech kim Amerika ishchilari, oddiy fuqarolari va ularning farovonligi haqida qayg‘urmagan. "Biz boshqa mamlakatlarni boy qildik, mamlakatimiz boyligi esa, yakunlanib boraverdi", - dedi Tramp.
Tramp so‘nggi nafasigacha AQSh uchun kurashadi

Amerikaning 45-prezidenti AQSh manfaatlari uchun "so‘nggi nafasigacha" kurashishini ta'kidladi. "Biz, amerikaliklar, bugun mamlakatimizni tiklash bo‘yicha buyuk milliy choralar ko‘rishga kirishamiz", - deya bayonot berdi Tramp ma'ruzasida.
















