18:11 / 22.01.2017
73856

Kun.uz’ga maktub: “Hammamiz Shavkat Mirziyoyev bo‘laylik!”

Nashrimizga jamiyatning turli qatlamlaridan, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan fuqarolardan ayrim muammolar bo‘yicha fikrlar izhor etilgan maktublar kelmoqda. Maktublarda o‘zlari istiqomat qilib turgan hududdagi muammolar va kamchiliklarga to‘xtalib o‘tilgan bo‘lib, Kun.uz ushbu maktublarning ayrimlari bilan o‘z o‘quvchilarini tanishtirishda davom etadi.

“Qishloqdagi o‘ta yomon sharoitni sizlarga yoritish uchun iltimosnoma yo‘llamoqchiman. Sizlarning ham qilayotgan savobli ishlaringiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev virtual qabulxonasidan qolishmaydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Andijonda hal qilingan va qilinayotgan muammolar ana shundan dalolat berib turibdi. Bizning Samarqand viloyati, Paxtachi tumani, "Oqsaroy” mahallasida tabiiy gaz umuman yo‘q! To‘g‘ri davlat gaz ballonlari bilan ta'minlagan (shunda ham barchani emas), biroq ro‘zg‘orda ovqat pishirishdan tashqari, uyni, hammomni isitish, degan eng asosiy sharoitlar ham bo‘lishi kerak, nazarimda. Oilada keksalar, yangi tug‘ilgan chaqaloqli onalar, bemorlar bor - bu hol uch-to‘rt yildan buyon davom etib kelmoqda. 

Aslida uch-to‘rt yildan oldingi yillarda ham gaz va chiroq ta'minoti me'yoriy, davomiy bo‘lmagan! Sharoiti borlar shaharda qishlab keladi, sharoiti yo‘qlar esa 70-80 foizni tashkil qiladi! Umuman, bu nima degan gap? To‘g‘ri, odamlarda qarzdorlik bor, ammo qarzi yo‘qlarning nima aybi bor? Bularni to‘g‘irlab, tartibga olsa bo‘ladi-ku! 

Odamlarimiz andishali, lekin jonidan o‘tganda qarg‘ab yuboradigan keksalarimiz ham yo‘q emas. Buning oxiri yaxshilikka bormaydi, odamlarimiz alamzada bo‘lib qoladi, davlatimiz va siyosatimizga nisbatan noto‘g‘ri tushuncha shakllanadi, o‘sib kelayotgan yoshlarimiz ham shunday tushunchada katta bo‘ladi, yoshlarning asosiy vaqti o‘qish, sport bilan shug‘ullanish o‘rniga o‘tin topish, uni chopib yoqishga tayyorlash, pechka qurish bilan o‘tib ketadi - qarabsizki jamiyatimizning bir bo‘lagi mana shu shu ruhda shakllanadi! Menimcha, bunday bo‘lmasligini ta'minlashga o‘zini va xalqini hurmat qiladigan, O‘zbekiston fuqarosiman, degan har bir inson mas'uldir. Nima uchun O‘zbekistonda Shavkat Mirziyoyev bitta bo‘lishi kerak?! Hammamiz Shavkat Mirziyoyev bo‘laylik! Axir hammamiz uning akasi yo ukasi, opasi yo singlisimiz-ku! Alloh Odam Atoni yaratayotganda BIZning tuprog‘imiz shu VATANdan to‘g‘ri kelgan-ku, hammamizning tuprog‘imiz bir yerdan-ku!..

Sizlardan iltimosimiz, shuni internetda yoritib, Andijondagi «suv» muammosini hal qilishga yordamlashganingiz kabi bizga ham yordam qo‘lini cho‘zishingizni so‘rab qolamiz!”.

Tahririyatdan: Shu o‘rinda muhim bir savol o‘rtaga chiqadi: viloyatlardagi muammo va kamchiliklar qachonki Shavkat Mirziyoyev borib o‘rgansagina bartaraf etiladimi? Unda vakolatli mansabdor shaxslar nima bilan band? Aholi turmush sharoitini yaxshilash, jamiyat hayotini yanada farovon etish borasida O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan buyon dolzarb islohotlar amalga oshirilyapti. 

Gap kimnidir yoki qaysidir rahbarning kamchiliklarini topish, uni ayblash yoki sharmanda qilish haqida bormayapti. Gap insonlar qadri, ularning haq-huquqlari haqida ketyapti. Mana shu insonlar orasida turli toifa odamlar bor: biri bemor, biri nogiron, yana biri keksa yoshli, boshqasi boquvchisiz... 

Biz Shahrisabz tumanidagi chiroq ta'minoti masalasi bo‘yicha ikkinchi tahliliy maqolani e'lon qilganimizda, unda yuqoridagi muammolarga aholining o‘zi sababchi, degan fikrni ilgari surgan edik. Ammo maqola e'lon qilingach, tahririyatimizga juda ko‘p qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi. Qo‘ng‘iroq qilganlarning aksariyati kommunal to‘lovlardan hech qanday qarzdorligi yo‘qligi, kerak bo‘lsa, oldindan to‘lab qo‘yishayotgani, ammo shunga yarasha chiroq, gaz, ichimlik suvi yo‘qligini aytib, o‘z fikrlarini bildirishdi. Aslini olib qaraydigan bo‘lsak, chiroq ta'minoti, tabiiy gaz, toza ichimlik suvi, issiqlik ta'minoti, xullas, aholi turmush sharoitiga o‘ta zarur bo‘ladigan bu kabi vositalarni odamlarga berish davlatning eng birlamchi majburiyati hisoblanadi.

Oddiy bir misol: elektr ta'minoti bo‘yicha bir xonadon uzluksiz, qarzdorlik holatisiz to‘lovlarni to‘lab keladi, ammo mahalladagi qarzdorlar yoki elektr ta'minotidan noqonuniy foydalanuvchilar hisobiga mahalla yoki ko‘chada chiroq o‘chsa, u ham jabr tortadi. Shu adolatdanmi? Adolatga nisbatan yo‘qolgan ishonch sabab, o‘sha kishi ham loqaydlikka, boqibeg‘amlikka berilib, Vatanga daxldorlik hissini yo‘qotmaydimi? Buning uchun nima qilish kerak, degan savolga aytib o‘tmoqchimizki, mutasaddi tashkilotlar xodimlari xonadonma xonadon yurib, aholi bilan tushuntirish ishlari olib borib, qarzi yo‘qlarning uyida chiroq, gaz, ichimlik suvi, xullas, barcha sharoitlarni ta'minlab, uni aholiga namuna sifatida ko‘rsatishi kerak. Jamiyat ichida xasadni emas, havasni uyg‘otish lozim. Yoki buni ham Shavkat Mirziyoyev kelib o‘rgatsinmi?!!

Top