Ma'lumki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasida xalq vakillari va faollar bilan uchrashdi. Uchrashuvda bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.
"Mana, qishloq vrachlik punktini ko‘rdik. Adham Ilhomovich (tahr - O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri), o‘zi qishloq vrachlik punktining muddaosi nima? Patronaj. Men sizga aytgan eng katta fojia - malakali shifokor yo‘q! Hamma yerda - kerak joydayam, keraksiz joydayam kafel. Toshkentdagi loyiha Qoraqalpog‘istonda o‘tmaydi. Qayerdagi plastik qimmat-qimmat oynalarni olib kelib qo‘ygansizlar, u qishda - sovuq, yozda - issiq.
Qoraqalpog‘istonni sevgan, uning ertangi kuniga ishongan odam yo‘qmi? Maktablarni issiq qilsak, shifoxonalarni issiq qilsak... Shifoxonani ahvolini qarang... Qoraqalpog‘iston faqat Nukus bilan ko‘z-ko‘z qilish emas-ku! Odamlar sifatli dorilar, sifatli tibbiy xizmatlarni kutmoqda.
Talabchanlik yo‘q, nazorat yo‘q, Muso Tajyeddinovich (tahr - Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi) 10 kun ichida ob'yezd bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazasiz. Shuncha joylarga kirdik, qimmat-qimmat texnikalar qor tagida yotibdi. Qanday qishloq xo‘jaligi bo‘ladi bunaqada? O‘sha hudud rahbari, prokurori, soliqchisi - hammasi o‘zini o‘ylaydi, xalqni hech kim o‘ylamaydi. Tayyorgina ikkita "Kislovodsk" turibdi, men ham juda pastda yurgan odamman, u "Kislovodsk" - baxt, ustini yopib qo‘yib, "klass" texnikani olib kirsin, janob Ro‘ziqulov! Bu sizga ham taalluqli. Quruq so‘z bilan ish bitmaydi. Nimaga qaramagansiz, Ulug‘bek Ubaydullayevich? (tahr - bosh vazir o‘rinbosari) "Qoraqalpog‘istonga borib keldim, u qildim-bu qildim" deb maqtanasiz-ku! Shunday davlat texnikasi tashqarida turishi xiyonat emasmi? Hali ularning krediti to‘lanmagan, Muso Tajyeddinovich. U bankning krediti, davlatning krediti turibdi...
Salomatlik, barkamol avlod deymiz - ichimlik suvi bo‘lmasa, qanaqa barkamol avlod? Bugun shuni ta'kidlab aytamanki, Qoraqalpog‘istonda belgilangan rejalar ortig‘i bilan bajarilishi shart!", - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bundan avval 2017 yilda Mo‘ynoq tumanida 101 kilometrlik ichimlik suvi tarmog‘i tortilishi ko‘zda tutilayotgani haqida xabar berilgan edi. 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar asosida 15 ming yangi ish o‘rni yaratiladi.