14:08 / 23.01.2017
14576

Denis Istomin 4 setda Grigor Dimitrovga imkoniyatni boy berib qo‘ydi

Melburnda davom etayotgan «Ulkan toj» turkumiga kiruvchi Australian open musobaqasining nimchorak finalida Denis Istomin o‘z ishtirokini yakunladi.

Turnirning 15-saralangan bolgariyalik tennischisi Grigor Dimitrovga qarshi uchrashuvda Istomin 4 setda imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Birinchi setni Denis juda ishonchli boshlagandi. U raqibning ikkita to‘p oshirishini yutib olib 6:2 hisobida setni o‘z hisobiga yozib qo‘ygandi. Ikkinchi set tay-brekkacha davom etdi va unda bolgariyalik tennischining qo‘li baland keldi — 6:7. 

Uchinchi set boshida esa Istominni eski jarohati bezovta qila boshladi va u har bir tanaffusda shifokorlardan yordam olishga majbur bo‘ldi. Natijada bu o‘yinga ham ta'sir o‘tkazdi va Denis keyingi ikki setni osonlik bilan boy berib qo‘ydi — 6:2, 6:7, 2:6, 1:6.

Grigor Dimitrov chorak finalda belgiyalik David Goffinga (11-raketka) qarshi kortga chiqadi. Goffin nimchorakda avstriyalik Dominik Tim (8) ustidan 4 setda ustun kelgandi.

Mavzuga oid
Top