20:19 / 23.01.2017
10511

Latviyaning sobiq prezidenti o‘z xalqi haqida salbiy fikrlar bildirdi

Foto: Fotolia/ Anton Gvozdikov

Latviyaning sobiq prezidenti Vayra Vike-Freyberga latviyaliklarning "nafratlanishi, ginachiligi va hasadgo‘yligi"dan shikoyat qildi hamda hamyurtlaridan hafsalasi pir bo‘lganini aytdi.

Vike-Freyberga Rigadagi birinchi o‘rmon qabristonida "o‘rtaga odam aralashtirib" o‘ziga qabr joyi hozirlatib qo‘yganidan keyin Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurash byurosi ko‘z ostiga tushgan. 

Gap shundaki, sobiq prezident o‘ziga qabristonda mamlakatning birinchi prezidenti qabri yonidan joy hozirlatib qo‘ygan. Boz ustiga, bir odam uchun emas, naqd 7 kishilik joy.

Keyinroq u feysbukda tanqidiy izoh bildirib, bu voqeadan keyin uni Kanadada dafn etishgani yoki krematsiya qilishgani yaxshiroq bo‘lishini aytgan.

"Men har doim xalqimni ideallashtirib kelganman. Prezident bo‘lganimda mening vazifam Latviya xalqi salohiyatini uyg‘otish bo‘lgan. Gul kabi suv bilan sug‘orishdek. Hozir men o‘zimga qarshi qaratilgan bu pastkash narsalarni ko‘rayotganimdan keyin xalqimning ma'naviy va ruhiy o‘sishiga ishonchim xavf ostida turibdi", deb aytgan sobiq prezident.

Uning aytishicha, "o‘zga yurtda insonning oxirgi boradigan joyiga hasad qilish fikri hech kimda paydo bo‘lmaydi".

Vike-Freyberga 1999 yildan 2007 yilgacha Latviya prezidenti bo‘lgan. U prezident etib saylanishidan oldin Kanadadan vataniga qaytib kelgan.

Mavzuga oid
Top