Bolalar - bizning kelajagimiz. Kelajak esa ota-ona va ustozlar qo‘lida shakllanib, kamol topadi. Har bir kishining ustoz deb biluvchi yaqin insoni bo‘ladi. Biroq ayrim hollarda ta'lim tizimida qator muammolarga duch kelinayotganiga, bolalarning bilim olish ko‘rsatkichi pasayib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bu vaziyatda kim aybdor - ustozlarmi, ota-onalarmi yoki o‘quvchilarning o‘zimi? 

"Aclida, yomon o‘qituvchilar bo‘lmaydi, o‘z ustida ishlamaydigan o‘qituvchilar bo‘ladi. Yomon o‘quvchilar ham bo‘lmaydi, balki tushunmaydigan o‘quvchilar bo‘ladi". Ish faoliyatida aynan shu oltin qoidani shior qilib olgan bugungi qahramonimiz - pedagogika sohasida 25 yil tajribaga ega  Nilufar Haydarovadir. Qahramonimiz 2008 yil O‘zbekiston bo‘yicha "Yilning eng yaxshi ingliz tili o‘qituvchisi" tanlovida ikkinchi o‘rin sohibasi, Lily Education o‘quv markazining ta'sischisi, rahbari sanaladi. Nilufar Haydarova o‘zining tajribasi orqali kasbida muammo, qiyinchiliklarga duch kelayotgan o‘qituvchi-pedagoglarga maxsus seminar-treninglar o‘tishni maqsad qilgan. Ya'ni, o‘qituvchilik sohasidagi o‘z "retsept"larini kasbdoshlari bilan bo‘lishish niyatidadir. 

Nilufar Haydarovaning ichki olami, hayotiy tajribalariga nazar tashlaymiz.

O‘kituvchilik kasbiga bo‘lgan muhabbatning paydo bo‘lishi qanday kechgan?


“Bu savolni o‘zimga juda ko‘p bora berganman. Mana, masalan, yaqinda bir o‘quvchimning onasi kelib, farzandining o‘zgarib qolgani, ya'ni o‘qishga bo‘lgan qiziqishi so‘nib borayotgani, bu esa ularni tashvishga solayotganini aytib qoldi. O‘quvchimning sinfida ustozi sog‘lom, nosog‘lom insonlar mavzusini tushuntirayotib, mening ko‘zoynak taqadigan o‘quvchimni nosog‘lom, uning yonidagi bolani esa sog‘lom bola misolida ko‘rsatgan. Bu esa uning ruhiyatiga qattiq ta'sir qilgan. Men bu voqeani eshitib, qanchadan qancha ustozlar bolalarning ruhini sindirib qo‘yishlarini o‘ylab xafa bo‘ldim.

Uni yonimga chaqirib, “Nima deb o‘ylaysan, ikkimizda o‘xshash bo‘lgan qanday narsa bor?” dedim. U jilmayib, inglizchada "eyeglasses" ya'ni ko‘zoynak dedi. Shunda men unga: “Men ham ko‘zoynak taqaman. Lekin hech kimdan kam bo‘lmadim-ku. O‘z tajribam, sevimli kasbimga egaman. Hali meni aytdi deysan, sen juda mashhur inson bo‘lasan. Seni barcha shu ko‘zoynaklaring bilan taniydi”, - deya javob berdim. Shunday vaziyatlarda yosh avlodga ta'lim berishda kerakligimni va kasbimga bo‘lgan kuchli muhabbatni his qilaman”.