19:02 / 24.01.2017
35125

Deputat: "Toshkentda turar-joy olishning yangi imkoni korrupsiya va turli nizolarning oldini olishi mumkin"

Foto: Uz24

23-27 yanvar kunlari Toshkent shahrida "2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi" loyihasining jamoatchilik muhokamasiga doir mediahaftalik o‘tkazilmoqda. Unda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, ekspert va jurnalistlar, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etishmoqda.

24 yanvar kuni mediahaftalik mavzusi "Qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari"ga qaratildi. Unda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga kiritilgan loyihalar muhokamaga qo‘yildi. Ana shunday loyihalardan biri - fuqarolarga yangi uy sotib olish va davlat bojini to‘lash evaziga Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatdan o‘tish imkoni berilishidir. Ushbu mavzu yuzasidan haftalik ishtirokchilarda turli savollar tug‘ildi. 

Agarda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida muayyan shartlar asosida doimiy ro‘yxatdan o‘tish imkoni berilsa, bu qaysidir ma'noda korrupsiyaga yo‘l ochib bermaydimi?

Nodirjon Muhtorov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati: 
"Fuqarolarning doimiy xohish-istaklari va murojaatlari e'tiborga olingan holda doimiy ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha ayrim talablar joriy qilinishi rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, fuqarolarimizga yangi qurilayotgan uylarni sotib olish sharti qo‘yiladi. Shu bilan birga, sotib olinayotgan vaqtda 5-10 foiz miqdorda davlat bojini to‘lash sharti ham joriy etilishi ko‘zda tutilgan. 

Xorijiy davlat vakillariga esa 100 ming AQSh dollaridan kam bo‘lmagan narxdagi uylarni sotib olish talabi qo‘yiladi. Fuqarolarning Toshkent shahrida ishlash va doimiy ravishda istiqomat qilishga imtiyozlari bo‘lmasa-da, farzandlari uchun uy olinishi kerak, degan haqchil taklif kiritilgan. Bunday talablarning amalda tadbiq etilishi korrupsiyaning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi, deb hisoblamayman. Sababi viloyatlarda shunday tadbirkorlar, fermer xo‘jaliklari borki, ular moliyaviy tomonlama uylar sotib olishga yetarlicha mablag‘i mavjud. Ular hozir ham turar-joylarni sotib olishi mumkin, biroq birovning nomiga. Bu holatda ham korrutsiyaga yo‘l qo‘yilish ehtimoli katta".

Nodir Jo‘rayev, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining o‘rinbosari:
"Albatta, ko‘pchilikni bu savol o‘ylantirishi tabiiy. Nima uchun bunday shartlar qo‘yildi: ya'ni yangi uy joy sotib olish sharti va ularning narxiga qo‘yiladigan minimal talab. Agarda mavjud cheklovlar butunlay olib tashlansa, bu Toshkent shahri aholisi uchun ham noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Qaysi ma'nodakim, uylarning narxi asossiz ravishda ko‘tarilishi mumkin. Ikkinchidan, birovning nomiga rasmiylashtirish yoki ijaraga berish holatlari ko‘payadi. Biz joylarda surishtiruv ishlarini olib borganimizda, juda ko‘pchilikning uyi birovning nomida ekanligi aniqlandi. Shu sababdan ham, agarda fuqarolarimiz yangi qurilgan uy joy sotib olishsa, u boshqa bir kishidan sotib olinmaydi va sun'iy ravishda bozordagi narxlar oshib ketishini oldini oladi. Narxlar bozordagi holatdan kelib chiqqan holdagi narxlardir. Agarda bu tizim ishga tushadigan bo‘lsa, hech qanday korrupsiya yoki boshqa bir suiiste'molchiliklarga yo‘l qo‘yilmadi. Balki muammolarning oldini olishda va fuqarorlar o‘rtasida nizolar kelib chiqishini oldini olishga xizmat qiladi".

Top