16:43 / 24.01.2017
99476

Qamchiq dovonida aslida nima ro‘y berdi?!

Kecha va bugun bir qator OAVda O‘zbekistondagi Qamchiq dovoni bilan bog‘liq turli mish-mishlar tarqalishda davom etmoqda. Bunday gap-so‘zlarning ko‘payishiga Toshkent-Andijon temir yo‘l qatnovining bekor qilingani ham yanada turtki berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Kecha esa Qamchiq dovonida qutqaruvchilar otryadlarining kechayu kunduz navbatchiligi tashkil etilgani haqida xabarlar tarqaldi. Kun.uz bu masalaga oydinlik kiritishi maqsadida O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” bilan bog‘landi. Biroq biz bilan aloqaga chiqqan amaldorlar dovonda qandaydir noxush voqea yuz bergani haqidagi mish-mishlarni rad etishdi. Aslida nima sababdan temir yo‘l qatnovi bekor qilingani haqidagi savolimizga esa javob ololmadik...

Shu holatda tabiiy bir savol tug‘iladi. Nega tegishli mahkamalar u yerda aslida nima bo‘layotgani yoki bo‘lgani haqidagi ma'lumotlarni yashirishmoqda? Balki turli vahimali mish-mishlar aynan shunday harakatlar sabab paydo bo‘layotgandir?

Xabarlarga ko‘ra, poyezdlar qatnovi nafaqat kecha, balki bugun ham amalga oshirilmagan. Fuqarolar esa aslida nima bo‘layotganini tushuna olmay hayron.

Ayrim manbalarga ko‘ra, dovonda katta ehtimol bilan qor ko‘chkisi sodir bo‘lgan. 

Shu o‘rinda barcha tegishli tashkilotlar, mutasaddi idoralar vakillarini biroz ochiqroq bo‘lib, matbuot bilan kengroq muloqotga kirishishga chaqirib qolamiz.

Bu birinchi navbatda fuqarolar o‘rtasida turli ko‘ngilsiz mish-mishlar va vahima tarqalishining oldini olishda kerak.

Top