10:42 / 24.01.2017
6914

Tokiodagi bog‘ chiptachisi ikki yil davomida chipta uchun pul olmagan

Yaponiyaning "Sindzyuku-gyoen" bog‘ining 71 yoshli xodimi 2014 yil apreldan xorijliklardan bog‘ga kirish uchun 200 yyen miqdoridagi haqni olmay qo‘ygan. Bunga esa 2014 yilda xorijliklardan birining qariyaga ingliz tilini yomon bilishi sababli baqirgani sabab bo‘lgan. Qariya "sharofati bilan" ikki yil ichida bog‘ga 160 ming kishi bepul kira olgan. Chiptachining o‘zi esa o‘z harakatlarini o‘g‘rilik deb hisoblamayapti.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, noma'lum xorijlik tomonidan qo‘rqitilgan chiptachi xorijliklarga bepul chiptalar rasmiylashtirgan, so‘ngra ularni bazadan o‘chirib tashlagan.

2017 yilda bog‘ rahbariyati chop etilgan chiptalar va bazadagi ko‘rsatkichlar to‘g‘ri kelmayotganiga e'tibor qaratgan. Tekshiruv esa chiptachi 2014 yildan beri 160 ming marta tashrif buyuruvchilarni bepul qo‘yib yuborganini ko‘rsatgan.

Qariyaning o‘zi ingliz tilini haqiqatan yomon bilishini, shuning uchun xorijliklar unga baqirmasliklari uchun shunday nayrangga borganini tan olgan. Qariya o‘zini go‘yoki birovning pulini o‘g‘irlagandek his qilmasligini aytgan. Taftish boshlangandan keyin chiptachi pensiyaga ketgan va bog‘ rahbariyatiga 300 ming iyenalik pensiya nafaqasining yarmini berishni taklif qilgan.

Chiptachi haqidagi yangiliklardagi izohlarda ko‘pchilikning unga rahmi kelgan va bog‘ rahbariyati keksa odamni tushunib, undan pul olmasligiga umid qilgan.

Top