17:06 / 24.01.2017
20109

Tojikiston Rog‘un GESini qurishga Saudiya Arabistonini taklif qildi

Tojikiston parlamenti quyi palatasi spikeri Shukurjon Zuhurov o‘zining Saudiya Arabistoniga uyushtirgan rasmiy tashrifi doirasida podshohlik moliya vaziri o‘rinbosari Muhammad Al Maziyat bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Saudiya Arabistoni investitsiyalarini Tojikistonning turizm, kommunikatsiya, energetika va transport sohalariga jalb qilish masalalari muhokama qilingan. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuoti kotibi Muhammadato Sultonov Ar Riyoddan «AP» agentligiga ma'lum qilgan. 

Shukurjon Zuhurov muloqot chog‘ida Tojikiston Rog‘un GES to‘g‘onini barpo etish ishlarini boshlaganini yodga olgan. Rejaga ko‘ra, mintaqadagi eng yirik gidroelektrstansiyasi bo‘ladigan Rog‘un GESning birinchi agregati 2018 yil oxirida foydalanishga topshiriladi. 

«Tojikiston jahon moliyaviy inqirozi sharoitida ushbu GESni barpo etish uchun uzoq muddatli imtiyozli kreditlarga muhtoj. Bu yo‘nalishda biz Saudiya Arabistoniga ham umid qilmoqdamiz», - degan spiker. 

O‘z navbatida, Muhammad Al Maziyatnig qayd etishicha, Saudiya Arabistoni Tojikistondagi loyihalarni Saudiya Taraqqiyot jamg‘armasi vositasida moliyalashtirishni kengaytiradi. 

Eslatib o‘tamiz, Saudiya podshohi Salmon ibn Abdulaziz Al Saud Shukurjon Zuhurov bilan o‘tkazgan uchrashuvida Tojikistonni mintaqadagi muhim hamkor deb atagan edi. 

Saudiya Arabistoni podshohi tegishli davlat tuzilmalariga Tojikiston bilan iqtisodiyot va savdo sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish topshirig‘ini bergan. 

Shukurjon Zuhurov va Saudiya Arabistoni podshohi Salmon ibn Abdulaziz Al Saud v Ar Riyoddagi uchrashuvda. 

Top