09:48 / 26.01.2017
40403

Ramzan Qodirov maktablarda hijob o‘rab yurish masalasi haqida gapirdi

Rossiyaning Checheniston respublikasi rahbari Ramzan Qodirov maktablarda hijob o‘rab yurishga qarshi chiqayotganlarni bu masala emas, balki umumiy o‘rta ta'lim maskanlaridagi ijtimoiy holatlar tashvishga solishi kerak, degan fikrda.

"Ishonchim komilki, ro‘mollar masalasi maktabdagi haqiqiy muammolarga e'tibor qaratmaslik maqsadida ko‘tarilmoqda. Giyohvandlik, ichkilikbozlik, jinoyatchilik, o‘qituvchilar tomonidan bolalarning jinsiy daxlsizligiga rahna solish... Hijoblar bilan kurash olib borayotganlar aynan mana shularga e'tibor qaratishlari shart", - deya yozdi Qodirov Instagram’dagi o‘z sahifasida.

U Rossiya ta'lim va ilm-fan vaziri Olga Vasilevaning hijob o‘rab yurishga qarshi ekanidan taajjubga tushdi. Qodirovning ta'kidlashicha, ro‘mol musulmon ayol-qizlari kiyimining eng muhim jihatlaridan biri bo‘lib, uni din tomonidan o‘rab yurishga belgilab qo‘yilgan.

"Shunisi hayratlanarliki, vazir mahalliy rahbarlarni tartibga solishning o‘rniga, o‘zining "shaxsiy fikrini" millionlab fuqarolarga o‘tkazishga harakat qilmoqda. Mening uch nafar qizim maktabda o‘qib, hijob o‘rab yurishadi, ular faqat a'lo baholar oladi. Olga Vasileva esa ular ro‘mollardan voz kechishini talab qilmoqda? Qizlarim buni hech qachon qilmaydi. Men ularni maktabdan chiqarib olib, qizlarga haqiqiy musulmon bo‘lish imkoni beriladigan joyni qidirishim kerakmi?" – deya ta'kidlab o‘tdi respublika rahbari.

Ma'lumot uchun, Rossiya oliy sudi 2016 yilning fevralida Mordoviya oliy sudining respublika maktablarida diniy kiyim-kechak kiyish va bosh kiyimlarni o‘rab yurishga qo‘ygan taqiqini qonuniy deb tan oldi. Bunga qadar ro‘mollarni taqiqlash haqidagi qaror hududiy hukumat tomonidan qabul qilingan.

Rossiya maktablarida hijob o‘rab yurish jamiyatda katta bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Mamlakat prezidenti Vladimir Putin bu masala yuzasidan fikr bildirib, ta'lim muassasalarida hijob o‘rab yurishda hech qanday yaxshi narsa yo‘q ekanini ma'lum qilgandi: uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada, hattoki mamlakatning musulmonlar yashovchi mintaqalarida bunday urf-odat hech qachon bo‘lmagan.

Mavzuga oid
Top