09:33 / 26.01.2017
5367

Seul shahri hokimi Janubiy Koreya prezidenti saylovlarida ishtirok etishdan bosh tortdi

Foto: Korea Verband

Seul shahri meri Pak Von Sun 2017 yilgi Koreya Respublikasi prezidenti saylovlarida ishtirok etishdan bosh tortdi. Bu haqda u tomonidan matbuot uchun tarqatilgan bayonotda aytiladi.

"Men o‘z nomzodimni qaytarib olayotganimga qaramay, "Toburo" demokratik partiyasi a'zosi sifatida islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etaman", - deya ta'kidlab o‘tdi u. Pak Von Sun "bor e'tiborini Seul shahrini rivojlantirishga qaratib, uni dunyodagi eng yaxshi shaharga aylantirishga" va'da bergan.

Hokim shuningdek prezidentlik poygasidan chiqishi tufayli o‘z tarafdorlaridan uzr so‘radi.

Mahalliy siyosatshunoslar fikricha, bu qadam Pak Von Sun reytingining tushib borayotgani bilan bog‘liq. So‘nggi ijtimoiy tadqiqotlarga ko‘ra, uni aholining atigi 3,4 foizi qo‘llab-quvvatlagan – bu esa boshqa nomzodlarga qaraganda ancha past degani. Xususan, "Toburo" demokratik partiyasi sobiq rahbari Mun Chje Inni respondentlarning 29,1 foizi qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, Sonnam shahri hokimi Li Chje Myonga 10,2 foiz ishtirokchi o‘z ovozini berishi haqida ma'lum qilgan.

Ma'lumot uchun, Janubiy Koreya parlamenti o‘tgan yilning dekabrida prezident Pak Kin Xening impichmentiga ovoz bergandi. Bu holat Konstitutsiya sudi tomonidan ma'qullangach, mamlakatda yangi davlat rahbarining muddatdan avvalgi saylovlari o‘tkazilishi lozim.

Mavzuga oid
Top